Ishonch telefoni: (+998 71) 210-11-04 (ichki raqam 5 )

“Sardoba” suv omborini qayta tiklash rejalari va amalga oshiriladigan vazifalar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi

Qurilish Vazirligi > Yangiliklar > Fotolavhalar > “Sardoba” suv omborini qayta tiklash rejalari va amalga oshiriladigan vazifalar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi
Mar 1, 2021 Posted by: tested Fotolavhalar Yangiliklar

Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyat tufayli Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi 24 ta mahalladan 90 mingga yaqin fuqaro zudlik bilan xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan, hodisa oqibatida kamida 56 kishi turli darajada tan jarohati olgan, toshqin zonasida qolib ketgan yuzlab odamlar qutqarilgan, shuningdek, 4 nafar fuqaro tabiiy ofat oqibatida halok bo‘lgan, 1 nafari bedarak yo‘qolgan edi.

Hozirgi kunda Sardoba suv omborini qayta tiklash bo‘yicha juda katta hajmdagi muhandislik-qidiruv ishlari amalga oshirilmoqda, xususan, laboratoriya tahlillari olinib, ilmiy-texnik asoslash maqsadida izlanishlar davom etyapti. Obyektning amaldagi holati dastlabki loyiha yechimlariga qanchalik muvofiqligi ham tekshirilmoqda. Bu o‘rganishlar ertaga shunday noxush holat yana takrorlanmasligi va shu kabi falokatlarning oldini olish uchun qilinmoqda.

Aytish kerakki, Sirdaryo viloyatida yirik suv ombori qurishdan maqsad Toktagul suv omboridan tashlanayotgan suvlarni novegetativ paytlarda yig‘ib borish hamda Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi sug‘oriladigan yerlarni suv bilan ta’minlashdir.

Dastlab, obyekt loyihasini ishlab chiqish uchun normativ hujjatlar talablari doirasida muhandislik qidiruv ishlari amalga oshirilgan, o‘rnatilgan tartibda loyihaoldi (TIA) va loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan, ekspertizadan o‘tkazilgan hamda tasdiqlangan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sirdaryo viloyatida Sardoba suv omborini qurish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2010- yil 18-mayda №97-11-sonli qarori ijrosi bo‘yicha qurilish ishlari amalga oshirilgan.

  1. Moliyalashtirish manbai: markazlashtirilgan mablag‘lar hisobiga
  2. Loyiha tashkiloti: “UzGIP” MCHJ
  3. Bosh pudratchi: “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “O‘zbekgidroenergo” AJ.

Birinchi bosqich 500 mln.m3 suv sig‘imini saqlash qobiliyati bilan 2014-yil foydalanishga topshirilgan. Ikkinchi bosqich ishlari 922 mln.m3 suv saqlash hajmda 2018-yil yakunlangan. 1-may kuni tahminan soat 05:55da Sirdaryo viloyatida joylashgan “Sardoba” suv ombori dambasining 60 piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgan.

Hozirgi kunda Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyevga ko‘ra suv omborida 230 mln m3 suv to‘plandi, u tez orada 350 mln m3 ga yetkaziladi va shu bilan o‘tgan yilgi to‘plangan suv hajmiga yetadi. Jumladan, suv omborining holati hamda yuzaga kelgan texnogen ofatning sabablarini o‘rganish yuzasidan, uning kelib chiqish holatlari qayta takrorlanishining oldini olish maqsadida xorijiy mutaxassislar (Moskva davlat Qurilish universtiteti) jalb qilinib, texnik yechimlar to‘liq o‘rganib chiqilmoqda. Muhandislik-qidiruv ishlari bo‘yicha esa “O‘zGASHKLITI” DUK tashkiloti tomonidan Rossiyaning mutaxassislari bilan birga o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Sardoba suv ombori to‘g‘oni 60 PKda buzilishi oqibatida to‘g‘onning boshqa qismlarida ham oqim ta’sirida buzilishlar bo‘lgan. Hozirgi kunda shu nuqsonlarni bartaraf etish hamda vaqtinchalik suv omborni qisman faoliyat yuritishini tiklash ko‘zda tutilgan.

Yuqoridagi tiklash ishlari yuzasidan “Gidroloyiha” AJ loyihachilari moskvalik mutaxassislar bilan kelishilgan holda loyiha ishlab chiqishdi, bu loyiha yuzasidan davlat ekspertizasi tomonidan 12-fevral 2021-yil 4-E-sonli ekspert xulosasi berilgan.

Loyihada asosan quyidagi ishlar ko‘zda tutilgan:

  • vaqtinchalik to‘g‘on ko‘tarish (peremichka) ya’ni buzilgan 60 PKni oldini o‘rab qo‘yish;
  • ezometrlarni qurish va tiklash;
  • suv oqimi ta’sirida yuvib ketilgan to‘g‘onning pastki qiyaliklarini tiklash;
  • suv oqimi ta’sirida yopiq drenaj tizimlarni yuvib ketilgan qismlarini tiklash;
  • yomg‘ir suvlarini olib chiqib ketuvchi inshootlarni tiklash;
  • suv chiqazuvchi asosiy inshoot oldida yomg‘ir suvlarini olib chiqib ketuvchi novlarni qurish.