✅ Respublika byudjeti tomonidan moliyalashtirilayotgan obyektlarda soha yoʻnalishi boʻyicha buyurtmachi xizmatlari hamda loyiha tashkilotlari rahbarlarining masʼuliyatini oshirish maqsadida oʻquv kurslari tashkil etiladi.
Bu haqida Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Jalol Arashov rahbarligida oʻtkazilgan amaliy-seminarda maʼlum qilindi.
Unda respublikada yetakchi loyiha institutlari va xususiy loyiha tashkilotlari ishtirokida qurilish sohasida mualliflik nazoratini tashkil etish, loyihalashtirishda shaharsozlik norma va talablariga qatʼiy rioya etilishi va loyiha tashkilotlarining salohiyatini oshirish maqsadida mavjud normativ-huquqiy hujjatlarga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish masalalari muhokama qilindi.
➡️Oʻquv kurslarida obyektni loyihalashtirishda, loyiha yechimlarini qoʻllashda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, binoning issiqlik va energiya samaradorligi, yongʻin xavfsizligi, seysmologiya talablari hamda nogironligi boʻlgan shaxslarni binolarga toʻsiqsiz kirib chiqish uchun barcha sharoitlar yaratilishi koʻzda tutiladi.
Muloqot davomida loyiha tashkilotlari faoliyatini yaxshilash va ish samaradorligini oshirish maqsadida ayrim normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritish boʻyicha takliflar berildi.
🔵Shuningdek, loyihalashtirishda yangi texnologiyalarni joriy etish (BIM), ularni keng qoʻllanilishida mutaxassislarning malakasini oshirish va tayyorlash, malakali xorijiy konsultantlarni jalb qilinishi belgilab olindi.