🗂 O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-apreldagi PQ-3646-sonli qaroriga asosan O’zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzurida “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” davlat unitar korxonasi (DUK) tashkil etilgan.
Korxonaning asosiy vazifalari:
– Davlatni rivojlantirish dasturi manbalari hisobiga amalga oshiriladigan shaharsozlik, loyiha-smeta, ishchi loyiha va ishchi hujjatlarning, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning o‘z mablag’lari va jalb etilgan mablag‘lari hisobiga obyektlar qurilishining mustahkamlikka, yong’in va portlash xavfsizligi hamda shaharsozlik, ijtimoiy, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi, yoqilg‘i-energetika, xom ashyo va tabiiy resurslardan oqilona foydalanilishi, loyiha yechimlarining amaldagi normativlar va standartlarga muvofiqligi yuzasidan belgilangan tartibda davlat ekspertizasi tashkil etilishi va o‘tkazilishini ta’minlashdan;
– arxitektura-rejalashtirish va shaharsozlik yechimlari darajasini oshirish;
– loyihalashtirish ishlarini va qurilish ishlab chiqarishini takomillashtirish hamda loyihalashtirish va shaharsozlik sohasidagi ilg’or tajribani o‘rganish va ommalashtirishdan;
– shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachilar, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar va boshqa tashkilotlar o’rtasidagi shaharsozlik hujjatlariga oid kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqishdan iborat hisoblanadi
“Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUK ning ustavi O’zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-oktabrdagi 215-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat korxonalari to’g’risida nizom va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan.
Sohani yanada takomillashtirish hamda ekspertizadan o’tkazish jarayonida duch kelinayotgan muammolarni tartibga solish maqsadida, 2021-yil 17-sentabrda Vazirlar Mahkamasining “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o’tkazish tartibotlarini takomillashtirish” to’g’risida 579-sonli qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan:
⚪️ davlat byudjeti va unga tenglashtirilgan manbalar, davlat va davlat tashkilotlari kafolatlari ostida olingan tashqi investitsiya mablag’lari hisobiga amalga oshiriladigan ishlarning loyiha-smeta hujjatlari “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUK va uning hududiy filiallari tomonidan ko’rib chiqiladi;
⚪️ boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar loyiha hujjatlari obyektlar xavf-xatar toifalarining tasnifiga muvofiq akkreditatsiyadan o’tgan yuridik shaxslar, “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUK va uning hududiy filiallari tomonidan ko’rib chiqiladi;
⚪️ loyiha hujjatlari bo’yicha ijobiy ekspertiza xulosasi ekspert tashkiloti tomonidan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining “Ekspertiza xulosalarining yagona reyestri”ga kiritilgan taqdirda haqiqiy deb tan olinadi.
❗️Bularning natijasida:
– sohadagi shaffoflikni ta’minlash borasida raqamlashtirish tizimi joriy etildi, inson omili kamaydi, ovoragarchilikka barham berildi, tonnalab qog’ozlarga qilinadigan xarajatlar yo’qoldi, manfaatlar to’qnashuvi yo’qolishi oqibatida korrupsion holatlar oldi olindi.
– Ekspertiza yo’nalishida faoliyat olib boruvchi yuridik shaxslarga guvohnoma berish orqali tizimda raqobat muhiti yaratildi.
– Obyektlarning murakkablik toifasidan kelib chiqib ekspertiza xulosasi berish tizimi tabaqalashtirildi.
– Tabaqalashgan toifadagi loyihalarga xulosa berish uchun ekspertiza tashkilotlari elektron reytingi yo’lga qo’yildi
– Ekspert mutaxassislarni attestatsiyadan o’tkazish va murakkablik toifasi bo’yicha loyihalarga tabaqalashgan holda xulosalar berish mexanizmi yaratildi.