• Ishonch telefoni/Телефон доверия: 1298
info@mc.uz
QURILISH SOHASIDA LITSENZIYALASHTIRISH

TOSHKЕNT VILOYATIDAGI NOQONUNIY QURILISH OBYЕKTLARI

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi > Yangiliklar > Fotolavhalar > TOSHKЕNT VILOYATIDAGI NOQONUNIY QURILISH OBYЕKTLARI
Fev 22, 2021 Posted by: tested Fotolavhalar Yangiliklar

Xususiy investorlar hisobidan qurilayotgan bir qancha ko‘p qavatli turar-joy binolarining holati Qurilish vazirligi tomonidan o‘rganilganda turar-joy binolari tasdiqlanmagan va ekspertiza organlarining ijobiy xulosasi olinmagan loyiha hujjatlarisiz, qurilish-montaj ishlarini boshlash yuzasidan vakolatli organni xabardor qilmasdan qurilish ishlari amalga oshirilayotgan juda ko‘plab vaziyatlarga duch kelinadi. Shu bois avvalgi maqolamizda poytaxtimizdagi mana shunday qurilish obyektlaridan 5 tasi haqida aytib o‘tgan edik. Boshqa hududlarda ham bunday holatlar ko‘pligi bois biz bu gal Toshkent viloyati hududidagi noqonuniy qurilish obyektlari to‘g‘risida ma’lum qilamiz:

1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 maydagi 343-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida hududga biriktirilgan inspektor tomonidan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani “Do‘stlik” MFY hududida amalga oshirilayotgan monitoringlar jarayonida  “ENERGO TEHNIKA GRANT” MCHJ tomonidan tegishli shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirmasdan Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 28 noyabrdagi 961-sonli qarorlari talabini buzib, hududiy Inspeksiyani xabardor qilmasdan 3 ta 4 qavatli turar joy binolarida o‘zboshimchalik bilan qurilish-montaj ishlari olib borilayotganligi aniqlangan.  “ENERGO TEHNIKA GRANT” MCHJ faoliyatida qisqa muddatli tekshirish o‘tkazish to‘g‘risida Toshkent viloyati qurilish sohasida nazorat inspeksiyaning 2020 yil 23 dekabrdagi 279-sonli buyrug‘i asosida 1 kunlik tekshirish o‘tkazilgan.

Qisqa muddatli tekshirish natijasiga ko‘ra ishga oid bo‘lgan barcha hujjatlar o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan va huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilib, huquqbuzardan tushuntirish xati va tilxat olinib, qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tuman sudiga hujjatlar to‘plami taqdim qilingan va O‘zbekiston Respublikasi MJkTning 99-moddasi 7-qismi bilan javobgarlikka tortilgan.

Tegishli chora ko‘rilganidan keyin ham “ENERGO TEHNIKA GRANT” MCHJ tomonidan qurilish-montaj ishlari to‘xtatilmagan hamda belgilangan tartibda inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmagan.

2. Hududga biriktirilgan inspektor tomonidan Toshkent viloyati Quyichirchiq tumani “Oydinobod” MFY hududida amalga oshirilgan monitoringlar jarayonida “RUS BEK” MCHJ tomonidan tegishli shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirmasdan, hududiy inspeksiyani xabardor qilmasdan  savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish kompleksida qurilish-montaj ishlari olib borilayotganligi aniqlangan, ruxsat hujjatlari mavjudligi va shaharsozlik me’yorlari hamda qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan qisqa muddatli tekshirish olib borilib, aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha xo‘jalik yurituvchi subyektning “RUS BEK” MCHJ faoliyatida qisqa muddatli tekshirish o‘tkazish to‘g‘risida  Inspeksiyaning 2020 yil 23 dekabrdagi 278-sonli buyrug‘i asosida 1 kunlik tekshirish o‘tkazilgan. Unga ko‘ra huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilib, huquqbuzardan tushuntirish xati va tilxat olinib, qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Chinoz tuman sudiga hujjatlar to‘plami taqdim qilingan va O‘zbekiston Respublikasi MJkTning 99-moddasi 7-qismi bilan javobgarlikka tortilgan. Ammo tegishli chora ko‘rilganidan keyin ham “RUS BEK” MCHJ tomonidan qurilish-montaj ishlari to‘xtatilmagan hamda belgilangan tartibda inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirmasdan qurilish montaj ishlari davom ettirilmoqda.

3. Toshkent viloyati Chinoz tumani “Yallama” MFY hududida amalga oshirilgan monitoringlar jarayonida “EUROAZIA TRANSPORTION AND LOGISTIK COMPANIY” MCHJ QQ tomonidan tegishli shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirmasdan,  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi 370-sonli hamda ushbu qarorga qo‘shimchalar kiritish yuzasidan qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 28 noyabrdagi 961-sonli qarorlari talabini buzib, hududiy Inspeksiyani xabardor qilmasdan  bojxona terminalining qurilish-montaj ishlari olib borilayotganligi aniqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyuldagi PF-5490-son, 2019 yil 15 martdagi PF-5690-son Farmonlari va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 2018 yil 6 sentabrdagi B-55-sonbuyrug‘ida (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 2018 yil 7 sentabrda 3067-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan) belgilangan tartiblarga asosan 2020 yil 7 mayda moliyalashtirish manbalaridan qat’iy nazar qurilish obyektlariga, subyektning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda hech qanday to‘siqsiz kirish hamda ruxsat hujjatlari mavjudligi va shaharsozlik me’yorlari hamda qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan qisqa muddatli tekshirish olib borilib, tekshiruv jarayonida aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha “EUROAZIA TRANSPORTION AND LOGISTIK COMPANIY” MCHJ QQ faoliyatiga oid inspeksiyaning 2020 yil 18 dekabrdagi 761-sonli buyrug‘i asosida 1 kunlik tekshirish o‘tkazilgan. Qisqa muddatli tekshirish natijasiga ko‘ra huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilib, huquqbuzardan tushuntirish xati va tilxat olinib, qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tuman sudiga hujjatlar to‘plami taqdim qilingan va O‘zbekiston Respublikasi MJkTning 99-moddasi 7-qismi bilan javobgarlikka tortilgan.

Tegishli chora ko‘rilganidan keyin ham “EUROAZIA TRANSPORTION AND LOGISTIK COMPANIY” MCHJ QQ tomonidan qurilish-montaj ishlari to‘xtatilmagan hamda belgilangan tartibda inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirmasdan qurilish montaj ishlari davom ettirilmoqda.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, Qurilish vazirligi hamda hududdagi qurilish sohasida nazorat inspeksiyalari tomonidan hamisha noqonuniy va sifatsiz qurilmalar barpo etayotgan shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan, ammo bundan o‘ziga kerakli xulosa chiqarmay, mas’uliyatni ham unutib, talabga javob bermaydigan binolarni qurishda davom etishmoqda. Yurtimizning boshqa hududlarida ham bular kabi turar joylar bisyor va biz ular haqida ma’lumot berishda davom etamiz. O‘ylaymizki, xuddi shunday xatoga yo‘l qo‘yib, boshqalarning xavfsizligi haqida unutayotganlar o‘zlariga tegishli xulosa chiqarib olishadi.

 

Qurilish vazirligi

Matbuot xizmati