• Ishonch telefoni/Телефон доверия: 1298
info@mc.uz
QURILISH SOHASIDA LITSENZIYALASHTIRISH

Xalqaro hamkorlik

Iyun 7, 2022 Posted by: tested Fotolavhalar Xalqaro hamkorlik Yangiliklar

Joriy yil 7-iyunda Qurilish vazirligida Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Kim Xi Sang bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari D.Adilov bilan kechgan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston-Koreya hamkorligining bugungi kun tartibi, erishilgan kelishuvlarning bajarilishi, shuningdek, bo‘lajak tadbirlarga tayyorgarlik holati muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi va Koreya Respublikasining Yer resurslari, infrastruktura va transport vazirliklari o‘rtasida hayotga joriy etilayotgan loyihalarni muvofiqlashtirishga qaratilgan hamkorlikning yangi mexanizmlarini joriy etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Ma’lumki, Koreya yuqori texnologiyalarni, ilm-fanning so‘nggi yutuqlarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha jahonda ilg‘or mamlakatlardan biri hisoblanadi. Jumladan, qurilish sohasida energiyatejamkor va BIM texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha ham yetakchi davlat sanaladi. Bo‘lib o‘tgan muloqotda asosiy e’tibor istiqbolli yo‘nalishlarga qaratildi. O‘z o‘rnida Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Kim Xi Sang ham qurilish sohasida ikki davlat o‘rtasida yo‘lga qo‘yilagn hamkorlik va uni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi.

“Bugun O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari bilan foydali va mazmunli muzokaralar olib bordik. Koreya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi mamlakatingizda qurilish normalari va qoidalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirmoqda. Ishonchim komilki, mazkur loyiha O‘zbekistonga sarmoya jalb etish va o‘zbek kompaniyalarining tashqi bozorga chiqishi uchun imkoniyatlar yaratadi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida qurilish sohasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanadi, deb umid qilaman. Yaqin munosabatlarni yanada rivojlantirish, kadrlar malakasini oshirish, Koreya kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash kabi masalalarni faol muhokama qilishda bugungi uchrashuv samarali bo’ldi ”


Ta’kidlandiki, tobora rivojlanib borayotgan qurilish industriyasi jarayonida sohaga IT texnologiyalarni ko‘proq jalb etish, innovatsiyalardan foydalanish, energotejamkor texnologiyalar, seysmologik musthkamlik kabi xaqaro qurilishda o‘zini oqlagan usul va uslublarni joriy etish etishda Janubiy Koreyalik hamkorlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish yaxshi samara beradi. Shuningdek, kadrlar masalasi ham muhim ahamiyatga ega. Muloqotda bu boradagi ishlarning bugungi holati va istiqboliga ham e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan barcha masalalarni ilgari surishni jadallashtirish maqsadida faol muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.