2022-yilning 13-iyun kuni Oʻzbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi M.Abdurahmonov hamda D.Adilov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Yaponiyaning Yer resurslari, infratuzilma, transport va turizm vazirligi (MLIT)da vazir oʻrinbosari Masaru Ishida bilan rasmiy uchrashuv oʻtkazdilar. Vazir oʻrinbosari janob Ishida COVID-19 pandemiyasi cheklovlari sababli uzoq kutilgan uchrashuvning amalga oshganligidan hamda D.Adilov boshchiligidagi ishchi guruh aʼzolarini qabul qilishidan bagʻoyat mamnunligini bildirdi.
Oʻz navbatida D.Adilov ularning samimiy qabuli uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekistonda qurilish sohasida, xususan, shaharlarning bosh planlarini ishlab chiqilishi, renovatsiyasi, baland binolar qurilishi, zilzilabardoshlik va yongʻin xavfsizligi, qurilish normalari va standartlari, soha mutaxassislarining malaka oshirishi masalalarida Yaponiya tajribasini oʻrganish hamda bu borada hamkorlik qilish ishlarini jadallashtirish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Shuningdek, yaponiyalik mutaxassislar tajribasi asosida nufuzli tashkilotlarni jalb qilgan holda Toshkent shahrida namuna sifatida maxsus loyiha asosida zilzilabardosh bino qurishda qoʻllab- quvvatlash hamda zilzilabardoshlik boʻyicha SHNQ hujjatini ishlab chiqishda salohiyatli mutaxassislarni jalb qilishda amaliy yordam soʻraldi.
Yuqorida bildirilgan murojaatlarga binoan Oʻzbekistonga Yaponiya qurilish normalari va standartlarining amaldagi nusxalari taqdim qilinishi hamda boshqa masalalar yuzasidan yurtimizdagi qurilish sohasi haqida qoʻshimcha maʼlumotlar MLITning tegishli masʼullari va tizim tashkilotlari tomonidan atroflicha oʻrganib chiqilgandan soʻng ish faoliyati davomida amalga oshirilishi bildirildi.
Uchrashuv yakunida D.Adilov tomonidan MLITning Oʻzbekiston qurilish sohasida koʻrsatayotgan ulkan hissasi uchun minnatdorlik bildirilib, hamkorlikni davom ettirish va mustahkamlash maqsadida MLIT delegatsiyasini Toshkent shahriga tashrif buyurishga taklif qilindi.
Vazir oʻrinbosari Masaru Ishida Yaponiyaning zilzilabardoshlik sohasidagi katta tajribasini oʻrganish maqsadida tashkillashtirilgan xizmat safari natijasi sifatida ikki davlat qurilish sohasida hamkorligining yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirishini aytib o‘tdi.
Kunning ikkinchi yarimida 1804-yilda tashkil topgan bugungi kunda Yaponiyaning qurilish sohasida kuchli uchlikka kiruvchi “Shimizu Corporation” tashkilotiga tashrif buyurildi.
“Shimizu Corporation” tashkiloti tomonidan D.Adilov boshchiligidagi ishchi guruhni kutib olish jarayoniga alohida tayyorgarlik koʻrilgan bo‘lib, mazkur tashkilot qoshidagi 3 ta obyektga yaʼni markaziy Shourum (showroom), laboratoriya hamda Texnologiya institutining malaka oshirish markaziga tashrif buyurildi.
Tashkilotning markaziy shourumi va laboratoriyasida bugungi kunga qadar amalga oshirilgan yirik loyihalar, boshqaruv jarayonini innovatsion texnologiyalar asosida robotlashtirish, quruvchi printerlardan foydalanish, seysmik simulyatsiya qurilmalari yordamida zilzilabardoshlikni hisoblash, bino konstruksiyasiga taʼsir etuvchi kuchlar demonstratsiya qilindi.
Shuningdek, tashkilotning istiqbolda oʻz oldiga qoʻygan maqsadlarini amalga oshirishi uchun Texnologiya institutining malaka oshirish markazi tomonidan yetuk kadrlarni tayyorlash boʻyicha oʻqitish amaliyoti hamda oʻzlashtirilgan bilim va koʻnikmalarni sinovdan oʻtkazish laboratoriyalari haqida koʻrgazmali taqdimotlar namoyish etildi.
Tashrif yakunida “Shimizu Corporation” tashkilotining Boshqaruv kengashi raisi va vakolatli direktori Yoichi Miyamoto oʻz nutqida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan yirik loyihalarda, xususan, Toshkent, Samarqand va Urganch shaharlarining aeroportlarini ishlab chiqishda yaponiyaliklar tajribasi ham ishtirok etayotganidan faxrlanishini maʼlum qildi.
Tomonlar oʻrtasida aloqa maʼlumotlari almashildi va ular kelgusidagi faoliyatlariga muvaffaqiyatlar tilashdi.