? Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligida Olimpiya shaharchasini moliyalashtirish jarayonini jadallashtirish va istiqbolli loyihalar boʻyicha hamkorlik masalalariga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Botir Zokirov hamda Xitoy Eksimbanki departament rahbari Ye Linjun va “CHINA CAMC ENGINEERING CO.,LTD.” kompaniyasi vakillari ishtirokida oʻtgan muloqotda Olimpiya shaharchasining qurilish loyihasida hamkorlik masalalari yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.
❄️ Maʼlumki, 2025-yilda Toshkent shahrida yoshlar oʻrtasidagi Osiyo oʻyinlari oʻtkaziladi. Unga qitʼamizdan koʻplab sportchi va murabbiylar, delegatsiyalar, jurnalistlar keladi. Bu nufuzli musobaqani yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida poytaxtimizning Yashnobod tumanida Olimpiya shaharchasi qurilishi rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ushbu loyihaga koʻra shaharcha markazida olimpiya stadioni, suv sporti saroyi, mashgʻulot maydonchalari, eshkak eshish havzasi barpo etiladi. Barcha sharoitlar Osiyo Olimpiya kengashi va xalqaro sport federatsiyalari talablariga muvofiq boʻladi. Maʼmuriy bino, yotoqxona, muzey va xoʻjalik obyektlari ham quriladi. Musobaqalardan tashqari vaqtda shaharcha oʻquv-mashgʻulot bazasi boʻlib xizmat qiladi. Bu yerda Oliy sport mahorati instituti, sport federatsiyalari va sohadagi boshqa muassasalar faoliyat olib boradi.
Oʻzaro samimiy kechgan muloqotda mehmonlar yurtimizda xorijiy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan qurilish loyihalarining istiqbollarini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Ushbu keng qamrovli tashabbus Yangi Oʻzbekiston tarixida yana bir muhim voqelik ekanligi alohida taʼkidlandi.