• Ishonch telefoni/Телефон доверия: 1298
info@mc.uz
QURILISH SOHASIDA LITSENZIYALASHTIRISH

Yashil makon

Apr 19, 2022 Posted by: tested Fotolavhalar Yangiliklar

Yashil makon. Bu soʻzlar soʻnggi paytlarda shior boʻlib, umummilliy harakatga aylandi, desak xato boʻlmaydi. Har yerda koʻchat ekish aksiyalari, minglab gektar maydonlarda daraxt oʻtkazish tadbirlari. U xoh shahar yoki tuman boʻlsin, maqsad bitta – u ham boʻlsa, odamlarning hayot sifati yaxshilansin, atrof obod manzilga aylansin. Ana shunday xayrli maqsadlar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi ham katta tashabbusga qoʻl urdi. Qariyb 26 mingdan ortiq mevali koʻchatlar keltirilib, Yunusobod tumanidagi mahallalarga, maktab, bogʻcha, poliklinikalarga tarqatildi. Tuman hududlarida shtablar tashkil etilgan. Bu yerga yuk mashinalarida ketma-ket daraxt koʻchatlari olib kelinmoqda. Nihollar orasida olma, nok, oʻrik, gilos kabi sarxil mevalarning barchasini topasiz.


Bir kun avval ekilgan koʻchatlar hudud koʻrkiga chiroy bagʻishlagan. Shu bahona atrof obod qiyofaga kirmoqda. Mahalla raisi Ahatilla Rahmatovning fikricha, avvallari bunaqasi boʻlmagan. Har kim kuchi yetgancha 10-15 ta koʻchat ekish bilan kifoyalangan. Bugun esa tashkilot va muassasalardan 100 minglab daraxt koʻchatlarini mahallalarga, xonadonlarga ijtimoiy soha obyektlariga tarqatilishi bilan hududlar yashillikka burkanmoqda.


Daraxt koʻchatlari kechiktirilmasdan yerga qadalmoqda. Bu kabi jarayonlar oʻziga xos hasharga aylanib ketdi. Xususan, 288-umumtaʼlim maktabida mahalla ahli, yosh-u qari birdek bu yumushlarda faollik koʻrsatdilar. “Yaxshidan bogʻ qoladi”, –deydi Yunusobod tumanidagi 265-umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi Muhayyo Salomova. U oʻz soʻzida davom etar ekan, amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli ishlarning yoshlar tarbiyasida oʻrni katta ekanligini alohida taʼkidladi. “Qurilish vazirligi tashabbusi bilan turli xil mevali daraxt koʻchatlarining berilishi, maktabimizni yashil makonga, oʻziga xos bogʻga aylantirdi”, –deydi u.


Maʼlum qilinishicha, Qurilish Vazirligi nafaqat bunyodkorlik ishlarida balki hududlarni koʻkalamzorlashtirish, obod qilish boʻyicha ham qator vazifalarni oʻz oldiga belgilab olgan. Va bu choralar bosqichma-bosqich davom ettiriladi.