• Ishonch telefoni/Телефон доверия: 1298
info@mc.uz
QURILISH SOHASIDA LITSENZIYALASHTIRISH

Yuqorichirchiq tumanida bir kunda 5 ta obyekt foydalanishga topshirildi

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi > Yangiliklar > Fotolavhalar > Yuqorichirchiq tumanida bir kunda 5 ta obyekt foydalanishga topshirildi
Apr 12, 2022 Posted by: tested Fotolavhalar Yangiliklar

Bugun Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida boʻlayotgan yirik bunyodkorlik ishlarini koʻrib, “Qilsa boʻlarkan-u”, degan haqli eʼtirof yodimizga tushadi. Haqiqatdan ham tuman odamlarning koʻz oʻngida oʻzgarmoqda. Yangi-yangi obyektlar qurilib, xalqning koʻp yillik orzusi real voqelikka aylanyapti. “Maʼrifat” mahallasida ancha yillar eʼtibordan chetda qolgan 4 gektarlik maydondagi sport majmuasi toʻliq qayta rekonstruksiya qilindi. Bitta markaziy oʻyingoh va 3 ta sport maydonchasidan iborat majmuada jismoniy mashgʻulotlar bilan shugʻullanish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Futbol, basketbol, voleybol, tennis, shaxmat, qoʻyingki, yoshlarning boʻsh vaqtini foydali sport mashgʻulotlari bilan oʻtkazishlariga qaratilgan yoʻnalishlar uchun zarur jihozlar olib kelib oʻrnatildi.


Ochiq oʻyingohga yondosh hududda yana sport maktabi bunyod etildi. Bu yerda ham futbol, voleybol, basketbol maydonlari, suzish havzalari tashkil etilib, muassasaga kerakli jihozlar olib kelindi.


Sport kompleksining ochilishi bahona uning atrofidagi 3 gektarlik maydon ham yashil makonga aylandi. Qorasuv daryosi boʻylab yurib borar ekansiz, har ikki tarafdagi soʻlim tabiat, bir-biriga uygʻun goʻzallik koʻngilga allanechuk xotirjamlikni baxsh etmasdan qolmaydi. Minglab manzarali daraxtlar ekilgach, hudud aholi dam oladigan oʻziga xos istirohat bogʻi boʻlib qoldi.


Yuqorichirchiq tumanida besh tashabbusning amaliy ijrosiga qatʼiy kirishilgan. Yoshlarni aqlan, maʼnan, jismonan salohiyatli qilib tarbiyalash yoʻlida bor imkoniyatdan foydalanilmoqda. Buning isbotini yana bir misolda ham koʻrishimiz mumkin. Gap shundaki, Xvan Mangim nomidagi mahalla ahli yoshlari uchun endi sport toʻgaraklari uchun uzoqqa borish shart emas. Eski qarovsiz qolgan bino kapital taʼmirlanib, 250 nafar oʻgʻil-qizga xizmat koʻrsata oladigan sport majmuasiga aylantirildi. Mahallada 3200 ga yaqin aholi istiqomat qiladi. Ularning 700 nafarga yaqini 16 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlardir. Hozirda sport zalida kurash va badiiy gimnastika boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazilmoqda.

Shu kuni ijodiy guruhimiz bilan koʻplab xayrli tashabbuslarga guvoh boʻldik. Bularning barchasida kelajak avlodning maʼnaviy kamoloti kabi ezgu maqsad mujassam. Ana shu intilish, ana shu maqsad rejalarni qogʻozda emas, amalda, hayotiy haqiqatlarda namoyon boʻlishiga imkon yaratmoqda. Bu yerda gap Yuqorichirchiq tumanida Madaniyat uylari, Maʼnaviyat va maʼrifat markazlarini tashkil etish haqida bormoqda. Hudud markazida zamonaviy Maʼnaviyat maskani binosi qad rostlagan.

Tuman keng qamrovli qurilish maydoniga aylanib bormoqda. Koʻp yillik masalalar ijrosi chuqur oʻrganilmoqda. Muhimi natija bor. Aytishga arzigulik yangiliklar koʻp. Ana shunday manzillardan yana biri uzoq ovul ahlining koʻnglini togʻdek yuksaltirdi. Endi Qoʻrsoy mahallasining ham oʻz Madaniyat uyi bor.


Mahalla “Obod qishloq” dasturi doirasida koʻrkam qiyofaga kirdi. Yoʻllar asfalt qilinib, kommunikatsiya tarmoqlari taʼmirlandi. Maktab, bogʻcha, poliklinika kabi ijtimoiy soha obyektlari yangi koʻrinishga keltirilib, aholi uchun zarur sharoitlar yaratildi.

Shu kabi amaliy ishga Yuqorichirchiqning Obodon nomli mahallasida ham qoʻl urildi. Bu yerda mahalla idorasining yangi binosi va unga yondosh hududda tibbiyot punkti ish boshladi.

Bugun Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida bunyodkorlik shijoati amaliy harakatga koʻchgan. Maqsad bitta, u ham boʻlsa odamlar bugun yaxshi yashasin. Yuritilayotgan xalqona siyosat avvalo, inson qadriga, uning farovon turmushiga ijobiy taʼsir oʻtkazsin. Ana shunday maqsad va rejalar bilan bugun Yuqorichirchiq yuqori marralarga intilmoqda. Muhimi oddiy xalq bundan manfaat topayapti.