1-oktabr – Ustoz va murabbiylar kuni munosabati
1-oktabr – Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan ayni paytda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sh.Hidoyatov Toshkent Arxitektura-qurilish universitetining professor-o‘qituvchilari, ustoz va murabbiylari bilan uchrashuv o’tkazmoqda.
Tadbir avvalida soha rivojida ilm-fan va ta’lim muassasalarining o‘rni, yosh mutaxassislarni tayyorlash jarayonida ustozlarning mehnati, ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish masalalari e’tirof etildi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi vaziri ustoz va murabbiylarni bayram bilan tabriklar ekan, ularning yosh avlodga bilim berish, kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish va hayotiy tajribani ulashishdagi fidokorona xizmatlarini alohida ta’kidlab o’tdi.
“Ustozlarni har bir o‘rgatgan bilimi, yo‘l-yo‘riqlari ortidan biz shu darajalarga erishdik. Aziz ustoz va murabbiylar, sizlarning mehnatingiz tufayli yurtimizda minglab yoshlar o‘z kasbini topib, Vatan ravnaqi yo‘lida xizmat qilmoqda. Shogirdlar erishgan yutuqlar ortidan qanday faxr va quvonch hissi kechishini ustozlar yaxshi bilishadi. Sizlarning sabr-u toqatingiz, fidoyiligingiz va mehringiz bilan kelajak avlod barkamol inson bo‘lib voyaga yetmoqda. Bayram muborak bo‘lsin! ”- deya ta’kidladi vazir.
Tadbir davomida bir guruh professor-o‘qituvchilarga “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni topshirildi. Mukofotlarni vazir Sh.Hidoyatov va universitet rektori tantanali ravishda taqdim etdi. Shuningdek, ustoz va murabbiylarga vazirlikning maxsus esdalik sovg‘alari ham topshirildi.