“Aholini uy-joy bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayitgan ishlar” mavzusiga bag’ishlangan matbuot anjumani
Ayni paytda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalari agentligida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mas’ullari ishtirokida “Aholini uy-joy bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayitgan ishlar” mavzusiga bag’ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda uy-joy bilan ta’minlash borasida izchil va tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida fuqarolar uchun qulay turmush sharoitlarini yaratish, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlash borasida muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda.
2022–2024-yillarda 4 920 ta ko‘p qavatli uy qurilib, ulardagi 221 mingdan ziyod xonadon aholiga topshirildi. Faqatgina 2024-yilning o‘zida 2 044 ta yangi turar joy barpo etilib, 100 mingdan ortiq xonadon egalariga topshirildi. Shu bilan birga, ehtiyojmand toifa vakillari – nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan oilalar, yetim bolalarga ajratilgan uy-joylar soni ortib bormoqda.
Matbuot anjumani davomida qurilishda moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash, aholining ishonchini oshirish hamda xonadon xarid qiluvchilarni himoya qilishga qaratilgan yangi tizim — “eskrou” mexanizmi haqida ham batafsil ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, ushbu tizim joriy yil 1-iyuldan boshlab sinov tariqasida ishga tushiriladi. U asosiy e’tiborni qurilish jarayonida fuqarolar va quruvchi tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro moliyaviy munosabatlarni shaffof va kafolatli asosda yo‘lga qo‘yishga qaratadi.
“Eskrou” tizimida fuqarolar tomonidan xonadon uchun to‘lanadigan mablag‘ bankdagi maxsus hisob raqamda saqlanadi va bu mablag‘ quruvchi kompaniyaga faqatgina uy qurilishi ma’lum bosqichlarga yetib borgach, ya’ni obyekt tayyor holatga kelganda o‘tkaziladi. Bu yondashuv nafaqat xaridorning huquq va manfaatlarini himoya qiladi, balki qurilishni o‘z vaqtida va sifatli yakunlashga ham turtki beradi.
Mazkur mexanizm joriy etilishi natijasida:
- Qurilishda fuqarolarning mablag‘lari kafolatli saqlanadi;
- Uy qurilishi yakunlanmagan holatda moliyaviy yo‘qotishlar oldi olinadi;
- Ipoteka kreditlari va subsidiya olish jarayoni soddalasadi;
- Davlat tomonidan bozor mexanizmlari orqali qurilish jarayoniga nazorat kuchaytiriladi.
Shuningdek, ushbu tizim doirasida fuqarolarga uyni qurilish tugamasidan avval boshqa xaridorga sotish, ipoteka olish yoki subsidiya rasmiylashtirish kabi imkoniyatlar taqdim etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Bu esa o‘z navbatida qurilish sohasidagi investorlar va aholi o‘rtasidagi ishonch muhitini mustahkamlash, shuningdek, develloperlarning moliyaviy intizomini oshirishga xizmat qiladi.