ANDIJON VILOYATI: INVESTITSIYA DASTURI DOIRASIDAGI IJTIMOIY SOHA OBYEKTLARI KO'ZDAN KECHIRILDI
Yurtimizda mavjud maktab va MTT binolarini zamon talablari asosida qayta ta'mirlash va tiklash, ijtimoiy soha obyektlarining moddiy-texnik bazasini takomillashtirish ertamiz egalarining har tomonlama sifatli ta'lim va tarbiya topishida muhim mezonlardan hisoblanadi.
Birgina Andijon viloyati misolida qaraydigan bo‘lsak, joriy yilda viloyatning 15 ta shahar va tumanlarida jami 45 ta ta'lim muassasalari investitsiya dasturiga kiritilgan. Ulardan 10 tasi maktabgacha ta'lim tashkiloti bo‘lsa, 35 tasi umumiy ta'lim maktablaridir.
Qurilish va uy joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov joriy yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturiga kiritilgan ijtimoiy soha obyektlari, jumladan, maktab va maktabgacha ta'lim muassalarida bajarilayotgan qurilish-tiklash ishlari, loyiha hujjatlari sifati bilan tanishish maqsadida Andijon viloyatining hududlarida bo‘ldi. Qurilish obyektlari bilan tanishish jarayonida loyiha mualliflari hamda ta'lim dargohlari mas'ullari bilan ham suhbatlashdi.
- Bugun “Yangi O‘zbekiston” degan tushuncha real voqelikka aylanmoqda. Biz qurilish sohasi vakillari ushbu haqiqatni qalban anglagan holda har bir obyektni barpo etish jarayonlariga katta mas'uliyat bilan qarashimiz darkor. Ayniqsa, farzandlarimiz uchun ta'lim va tarbiya maskanlari qurilishi, rekonstruksiya ishlarida sifat doim birlamchi masala bo‘lishi kerak. Kelajak avlod uchun yaratilgan bugungi sharoit – ertaga vatanimiz ravnaqi uchun albatta o‘z mahsulini beradi, — deya ta'kidladi Sh.Hidoyatov.





