Arxitektura nazoratini raqamlashtirish – qurilishda qonun ustuvorligiga xizmat qilmoqda
So‘nggi yillarda mamlakatimizda qurilish va shaharsozlik sohasida qonuniylikni ta’minlash, arxitektura me’yorlariga qat’iy rioya etilishini kuchaytirish yo‘lida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-martdagi 192-sonli qarori asosida arxitektura nazoratining yangi, raqamli mexanizmi joriy etildi.
Andijon viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi ushbu mexanizmni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ishlarni boshlab yubordi. Endilikda tuman (shahar) bo‘limlari xodimlari maxsus planshetlar yordamida qurilish jarayonlarini joyidan turib onlayn kuzatadi, qonunbuzarliklar haqida elektron ma’lumot kiritadi hamda foto va video dalillarni markaziy tizimga yuboradi.
Natijada nazorat jarayonida shaffoflik ortib, inson omili kamaymoqda, o‘zboshimchalik bilan qurilishlarning oldi olinmoqda.
Tadbir davomida Arxitektura nazorati departamenti xodimi B.Ataxanov va viloyat bosh arxitektori M.Bakirov yangi tizimning amaliy ahamiyatini tushuntirib, raqamli nazorat vositalari har bir qurilish bosqichida qonuniylikni ta’minlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Andijonda yo‘lga qo‘yilgan ushbu mexanizm davlat nazoratini kuchaytirish, tartibsiz qurilishlarga barham berish hamda shaharsozlik siyosatining izchilligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Eslatma: Har qanday qurilish yoki qayta ta’mirlash ishlari faqat ruxsatnoma asosida amalga oshirilishi kerak. O‘zboshimchalik bilan qurilish olib borish qonuniy javobgarlikka sabab bo‘ladi.