Arxitektura va qurilish sohasi Faxriylari Kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida Arxitektura va qurilish sohasi Faxriylari Kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Kengashning 2025-yil birinchi yarim yillikdagi faoliyati yakunlari hamda 3-chorak rejalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda davlat soliq xizmati va statistika organlariga belgilangan tartibda hisob-kitob hujjatlari taqdim etilgani, “ToshkentboshplanLITI” binosiga joylashish bo‘yicha hujjatlar loyihasi ishlab chiqilib, Hukumatga takliflar kiritilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, 1060 dan ortiq arxitektura va qurilish sohalarida faoliyat yuritayotgan tashkilot ro‘yxati tuzilib, 645 ga yaqin tashkilotga murojaat qilingani, 644 nomzod ariza bergani, 566 nafariga faxriylikka qabul qilinganligi va 160 ta tashkilotda faxriylar yo‘qligi aniqlangani ma’lum qilindi.
Faxriylar ishtirokida 15 ta oliy ta’lim muassasasi bilan 66 marotaba “Ustoz-shogird” davra suhbatlari o‘tkazilib, 6 mingdan ortiq talaba qamrab olingani, 310 nafar faxriy dam olish va davolanish muassasalariga yuborilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, yig'ilish davomida 3-chorak doirasida shaharsozlik va qishloq qurilishini rivojlantirish, loyiha-smeta hujjatlarini takomillashtirish, seysmik xavfsizlik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha rejalar belgilab olindi. Faxriylar tomonidan ko‘plab taklif va tavsiyalar bildirildi.