UZ
RU
Ўзбекистон Республикаси Қурилиш ва уй-жой
коммунал хўжалиги вазирлиги
Ишонч телефони
1298
Электрон манзил
info@mc.uz
Сайт харитаси
Вазирга мурожаат

Янгиликлар

Bayram tabrigi

Aziz ustozlar! Qadrli o‘qituvchi va murabbiylar! Barchangizni 1-oktabr O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan  chin qalbdan muborakbod etaman.

Har bir insonning komil shaxs sifatida voyaga yetishida, kasbining yetuk, malakali mutaxassisi bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishida Siz azizlarning o‘rningiz juda muhim.

Fidoyi, zahmatkash o‘qituvchi-muallimlar va faxriy ustozlar shogirdlariga bilim berish barobarida ular qalbiga eng go‘zal insoniy hislatlar - mehr-oqibat va odamiylik tuyg‘ularini ham singdirib boradi.

O‘z iqtidori, bilimi va salohiyati bilan yuqori natijalarga erishib kelayotgan o‘g‘il-qizlarimizning muvaffaqiyatlari zamirida, avvalo, aziz ustozlarning zahmatli mehnatlari mujassamdir.
Ustoz va murabbiylar jamiyat binosining binokorlari, maʼrifat bog‘ining bog‘bonlaridir. Ular hayot bo‘stonidagi niholning baquvvat daraxtga aylanishi uchun tinimsiz mehnat qiladi. Xususan, qurilish va kommunal sohada ko‘p yillik tajribaga ega ustoz faxriylar yaratgan ibrat maktabi tufayli bugun ko‘plab yoshlarning amaliy ko‘nikmasi yuksalib, jamiyatga nafi tegadigan kadrlar bo‘lib shakllanmoqda. 

Kelgusida ham yoshlarga zamonaviy ilm-fan va kasb-hunar asoslarini o‘rgatish, yuksak insoniy tuyg‘u va fazilatlarni singdirish, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarimizni asrab-avaylash borasida bor kuch-g‘ayratingiz, bilim va mahoratingizni ayamasdan astoydil mehnat qilishingizga ishonaman.
  
Yana bir bor bayram bilan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayz-u baraka tilayman. Doimo sog‘-omon bo‘ling, aziz ustozlar! 

 

 Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri B.Zakirov