Bazalt toshini qayta ishlab, issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “Khorezm Insulation Group” qo‘shma korxonasida PRESS-TUR
Yangi O‘zbekistonda qurilish materiallari sanoatini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda, ilmiy-innovatsion yutuqlardan foydalanib istiqbolli loyihalar amaliyotga tadbiq etilmoqda.
Shunday loyihalardan biri Xorazm viloyati Urganch shahrida joylashgan, bazalt toshini qayta ishlab, issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “Khorezm Insulation Group” qo‘shma korxonasidir.
Bugun OAV vakillari ishtirokida bo'lib o'tayotgan press-turda jurnalistlar va soha vakillari ushbu korxona faoliyati bilan yaqindan tanishish, energosamarador bazalt mahsulotlarining afzalliklari haqida kengroq bilish imkoniga ega bo'ladilar.


Press-tur davomida korxona rahbariyati va mas'ullari tomonidan ishlab chiqarish jarayoniga oid barcha bosqichlar xususida batafsil ma'lumot berildi.
Ta'kidlanishicha, "Thermo Plus" savdo belgisi ostida mahsulotlarini ishlab chiqarayotgan "Khorezm Insulation Group" korxonasi Germaniya, Turkiya va Rossiya davlatlaridan keltirilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Loyihaning umumiy qiymati 41 million yevroni tashkil qiladi. Xomashyo Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qoratau tog‘idan olib kelinadi.
Faoliyati yo'lga qo'yilganiga ko’p vaqt bo’lmagan bo’lsada, korxona bazalt toshidan yillik 30 ming tonna izolyatsion plitalar ishlab chiqarish quvvatiga ega.


Shu o'rinda bazalt izolyatsion plitalarining afzalligi xususida qisqacha:
Mahsulot oʻziga xos texnik xususiyatlarga ega boʻlib, analogik mahsulotlardan ekologik tozaligi, yuqori darajada issiqlikni saqlay olishi hamda uzoq yillar davomida o‘z tarkib va xususiyatini yo'qotmasligi bilan farq qiladi. Shuningdek, uning nam olish qobiliyati past va muhimi mog‘or ham, bakteriya ham hosil qilmaydi. Yana bir muhim jihat, bino devorlari aslida tashqaridagi shovqinni o‘ziga yutishi natijasida xona ichida 30-40 detsibel shovqin bo‘ladi. Bazalt qoplangandan keyin esa shovqin darajasi 15-20 detsibelga kamayib, xonada sokinlik bo‘ladi.
Tahlillarga ko‘ra, hozirgi vaqtda mamlakatimizda bazalt issiqlik izolyatsiyasini ishlab chiqarish quvvati 170 ming tonnani tashkil etadi. Yaqin kelajakda ushbu ko’rsatkichning yana 100 ming tonnaga ortishi va qariyb 300 ming tonnaga yetishi kutilmoqda.




