BIZ AYOLLAR VA BOLALARGA NISBATAN ZO'RAVONLIKKA QARSHIMIZ!
Ma'lumki, "Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish" xalqaro kuni munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab 25-noyabrdan 10-dekabrga qadar “Gender zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar” dekadasi o‘tkazib kelinadi. Ushbu harakat doirasida bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida “Biz ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshimiz” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda vazirlik xodimlari qatori O‘zbekiston transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari ham ishtirok etishdi.
Ta'kidlash joiz, so‘nggi yillarda mamlakatimizda gender tenglikni ta'minlash, onalar va bolalar huquqlarini muhofaza qilish bo‘yicha qator ishlar olib borilmoqda. Ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, ayollarni himoya qilishning institutsional asoslarini rivojlantirish, aholining gender tenglik va ayollar huquqlari to‘g‘risida xabardorligini oshirish kabi chora-tadbirlar shular sirasidan.
Ahamiyatlisi, mazkur chora-tadbirlar bugun jamiyatda o‘zining ijobiy samarasini bera boshladi. Xususan, davlat organlarining rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlarni tayinlash amaliyotining kengayishi, gender nomutanosiblik mavjud bo‘lgan davlat organlarida vaqtinchalik kvotalash tizimini joriy qilish orqali xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi mutanosiblikni ta'minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta'minlangan, ayniqsa, qishloq joylaridagi oilalarda xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash, munosib mehnat sharoitini yaratish va ularni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarning samaradorligini oshirish, o‘zini o‘zi band qilishiga erishiladi.
Tadbirda mamlakatimizda inson manfaatlari ustunligini ta'minlashga qaratilgan islohotlar zamirida jamiyatda xotin-qizlar mavqeini oshirish, ularning huquqlarini himoya qilish, ayollarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirishga alohida e'tibor berilayotgani ta'kidlandi.
Shuningdek, mas'ullar vazirlik xodimlarining savollariga atroflicha javob berdilar. O'zaro konstruktiv kechgan suhbatda qator taklif-mulohazalar qabul qilinib, sohaga joriy etilishida hamkorlik qilishga kelishib olindi.