Bugungi kunda dastlabki maʼlumotlar yigʻilib, Fargʻona shahrining bosh rejasi loyiha taklifi (eskiz loyiha) tayyorlandi
Prezidentimizning 2023-yil 12-sentabrdagi “Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish hamda 2023-2027-yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga asosan “Oʻzshaharsozlik LITI” DM tomonidan Fargʻona shahrining bosh rejasi (korrektura) loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Bugungi kunda dastlabki maʼlumotlar yigʻilib, loyiha taklifi (eskiz loyiha) tayyorlandi. Ushbu loyiha taklifi asosan 3 ta yoʻnalishda qilinmoqda, jumladan, birinchidan shaharning transport strukturasi, ikkinchidan shaharni renovatsiya va konservatsiya hududlariga ajratish, uchinchidan shaharning rekonstruksiya qilinadigan hududlarni belgilash ishlari ishlab chiqilib, loyihalar yakuniga yetkazilmoqda.
Viloyat mutasaddilari loyiha bilan tanishib, shaharning bosh rejasini yanada takomillashtirish, bu jarayonga malakali mutaxassislarni jalb etish kabi yoʻnalishlarda masʼullarga topshiriqlar berdilar. Xususan, sel yoʻllarini mustahkamlash, yer osti suvlari sathini pasaytirish, bosh rejani har bir yoʻnalishi boʻyicha solishtirma tahlillar qilish, yashil jamoat parklarini koʻpaytirish vazifasi topshirildi.




