Buxoro viloyatida ko'p kvartirali uylarning zilzilabardoshligini o'rganish ishlari olib borilmoqda
Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga asosan hududlarda ko'p kvartirali uy-joylarning seysmik holatini aniqlash, aholining xavfsizligini ta'minlash maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vaziri o'rinbosari Toir Alimatov boshchiligidagi ishchi guruhi Buxoro viloyatida o'rganish ishlarini olib bormoqda.
Xususan, Romitan tumanida ayrim ko'p qavatli uylarning sifati talab darajasida emasligi qayd etildi. Jumladan, poydevor va sanuzellarda gidroizolyatsiya ishlari yetarli darajada bajarilmagani, gidroizolyatsiya qatlamida me'yoriy talablarga zid ravishda sifati past materiallardan foydalanilgani ma'lum bo'ldi.
Tekshiruv chog'ida tom qismida ham izolyatsiya ishlari talabga javob bermasligi, styajka va penobetonning nomuvofiq holda qo'llanilgani kuzatildi. Bundan tashqari qurilish maydonlarida mehnat xavfsizligi va texnika tartib qoidalariga rioya etilmayotgani, quruvchilar maxsus kiyim-bosh hamda himoya vositalari bilan ta'minlanmagani ham tanqid qilindi.
Shu munosabat bilan mas'ullarga qurilish ishlarining sifati va xavfsizligini oshirish, qurilish madaniyatini yuksaltirish, barcha loyihalarda mualliflik hamda texnik nazoratni ta'minlash, shuningdek, nazoratchi mutaxassislar bilan belgilangan tartibda shartnomalar tuzish bo'yicha qat'iy topshiriqlar berildi.
Vazir o'rinbosari tomonidan ayrim loyihalar bo'yicha litsenziyasi mavjud bo'lgan tashkilotlarning faoliyati qayta ko'rib chiqilishi va lozim bo'lsa tegishli choralar ko'rilishi qayd etildi.
Ishchi guruh o'rganishlari davom etmoqda.