UZ
RU
Ўзбекистон Республикаси Қурилиш ва уй-жой
коммунал хўжалиги вазирлиги
Ишонч телефони
1298
Электрон манзил
info@mc.uz
Сайт харитаси
Вазирга мурожаат

Янгиликлар

Chust shahrining maʼmuriy hududi kengayadi 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabr kuni imzolangan “Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023-2027-yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida 2024-2044-yillar davomida Chust shahrini yanada obod qilish va maʼmuriy hududini kengaytirish rejalashtirilmoqda.   

Bu boʻyicha “Oʻzshaharsozlik LITI” DM tomonidan Chust shahrining yangi bosh rejasi ishlab chiqilmoqda. 

Kuni kecha Namangan viloyati hokimligida uning loyihasi taqdimoti oʻtkazildi. 

Taʼkidlash joiz, hozirgi kunda Chust shahri 2800 gektarni tashkil etib, 22 ta MFY mavjud va 91 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qilmoqda. Bugungi demografik oʻsishni hisobga olganda, yaqin 20 yil ichida aholi soni 135 ming nafarga yetishi kutilmoqda. Yangi bosh rejaga asosan shahar maydoni 4 ming gektarga yetadi va oʻnlab yangi ijtimoiy obyektlar barpo etiladi.   

Viloyat hokimi Sh.Abdurazzoqov Chust shahrining yangi bosh rejasi loyihasi bilan batafsil tanishib, masʼullarga uni yanada takomillashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi. 

Xususan, bunda yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish, zamonaviy turar joy va savdo obyektlari barpo etish, shahar markaziy koʻchalarida turizm yoʻnalishida “Hunarmandlar koʻchalari” tashkil etishga eʼtibor qaratiladi.  

Maʼlumot uchun, Chust  – qariyb 3 ming yillik tarixga ega qadimiy shahar. Oʻtgan asrning turli yillarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlarda hozirgi Chustga toʻgʻri keladigan hududda soʻnggi bronza - ilk temir davriga oid ashyolar topilgan. Shahar 1926-yilda yangi tashkil etilgan Chust tumanining maʼmuriy markaziga aylantirilgan.