Davlat arxitektura nazorati departamenti tashabbusi bilan seminar tashkil etildi
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida Davlat arxitektura nazorati departamenti tashabbusi bilan seminar tashkil etildi. Unda departament boshlig‘i o‘rinbosarlari hamda Savdo-sanoat palatasi bosh mutaxassisi Dilnoza Umirova ishtirok etdi. Viloyat boshqarmalari va hududiy bo‘linmalar vakillari onlayn formatda qatnaashdi.
Seminarda Prezidentimizning 2024-yil 14-noyabrda qabul qilingan PF-184-sonli “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur hujjatda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini nazorat qilishga vakolatli organlar va ularning nazorat sohalari ro‘yxati, tekshiruvlar o‘tkazish tartibi, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” kabi muhim jihatlar belgilab berilgan. Shuningdek, Farmon bilan ayrim hujjatlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb e’tirof etilgan.
Seminar davomida mazkur hujjat asosida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan amaliy vazifalar, xususan, qurilishda qonunbuzilishlarning oldini olish, monitoring mexanizmlarini kuchaytirish va quruvchi-tadbirkorlar bilan muloqotni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilish qatnashchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutasaddilardan javob oldi.