Davlat-xususiy sheriklik asosida oqova suv tizimini boshqarish: masʼullar uchun oʻquv seminari tashkil etildi
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligida videokonferensaloqa shaklida oʻquv seminari boʻlib oʻtdi. Unda vazirlikning tegishli boshqarmalari mutaxassislari, viloyat hokimliklari hamda hududiy boshqarmalar masʼullari, shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan tashabbuskor tadbirkorlar ishtirok etdi.
Oʻquv seminari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-mart kuni oʻtkazilgan yigʻilishi bayoniga muvofiq oqova suv tizimlarini rivojlantirish va davlat-xususiy sheriklikni keng joriy etish yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida tashkil etildi.
Tadbirni Xalqaro hamkorlik va Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash hamda davlat-xususiy sheriklik va investitsiya loyihalarini shakllantirish boshqarmasi boshligʻi R.Habibullayev ochib berdi. U oʻz chiqishida mazkur topshiriqning maqsadi va dolzarbligi, xususan, davlat-xususiy sheriklik orqali kommunal xizmatlar sifatini oshirish yoʻnalishidagi ustuvor vazifalar haqida soʻz yuritdi.
Shuningdek, tadbirda Ichimlik va oqova suv tizimlarini ekspluatatsiya qilish va rivojlantirish boshqarmasi mutaxassisi B.Ortiqov tomonidan Markazlashgan oqova suv xizmatlari bilan taʼminlanmagan shahar va tumanlarga davlat-xususiy sheriklik asosida taklif etilayotgan zamonaviy oqova suv tozalash texnologiyalari haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Seminarda Xalqaro hamkorlik va Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash hamda DXSH va investitsiya loyihalarini shakllantirish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari SH.Zakirov ham ishtirok etdi. U oʻz soʻzida oqova suv tizimini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berishning huquqiy asoslari, amalga oshirish tartibi hamda bu orqali erishiladigan iqtisodiy va ekologik samaralar haqida maʼlumot berdi.
Shuningdek, Shahrixon va Yangiyoʻl tumanlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan amaliy yondashuvlar ishtirokchilar eʼtiboriga havola etildi.