“Eco Expo Central Asia 2025” birinchi xalqaro ekologik texnologiyalar koʻrgazmasi kecha start oldi
Toshkentda “Eco Expo Central Asia 2025” birinchi xalqaro ekologik texnologiyalar koʻrgazmasi kecha start oldi. Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor oʻtkazilayotgan keng koʻlamli tadbir 30 dan ortiq davlatni jamiyat uchun muhim boʻlgan mavzuda birlashtirmoqda.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi mazkur tadbir doirasida ichimlik va oqova suv chiqarish sohasini yaxshilashga bagʻishlangan taqdimoti bilan qatnashmoqda. Unda respublikamizda oqova suv chiqarish sohasining holati, ichimlik suv yoʻqotishlarni tartibga solish boʻyicha atroflicha maʼlumot berilmoqda.
Xususan, vazirlik boshqarma boshligʻi Gʻayrat Rahimov soʻzga chiqib, Oʻzbekistondagi oqova suv tizimi holati, amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari, muammolar va ularning yechimlari boʻyicha fikr yuritdi.
- Bugungi kunda aksariyat oqova suv tozalash inshootlari maʼnan va texnik jihatdan eskirib, foydali ish koeffitsiyentini 30 foizgacha yoʻqotgan. Sohani rivojlantirishga investitsiyalar kiritishdagi saqlanib qolayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida vazirlik boshchiligida mutaxassis va olimlar ishtirokida tahlillar amalga oshirilib, buning natijasida oqova suv inshootlaridan chiqariladigan suvlar uchun hamda suv obyektlari turlari boʻyicha ekologiyaga zarar yetkazmaydigan darajada standartlar joriy etildi. Ushbu yangi standartlar sababli sohaga investitsiya kiritishdagi yengillik yaratilib, asosiy muammolar hal etildi. Shu bilan birga sanoat suvlarini oqova suv tarmoqlariga oqizishni oldini olish boʻyicha iqtisodiy mexanizmlar joriy etildi hamda sanoat zonalaridan shakllanadigan oqova suvlar tarkibi boʻyicha maxsus tozalash texnologiyalarining takliflari ishlab chiqildi. Bugungi tadbir sohaga investitsiya kiritishda yangilik bilan barchani tanishtirib, yaratilayotgan imkoniyatlarni muhokama qilish, optimal yechimlarga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi, - dedi Gʻayrat Rahimov.
Shu bilan birga tadbir davomida Toshkent shahrida ichimlik suv tizimini transformatsiya qilish loyihasi doirasida Fransiyaning “Suez” kompaniyasi tomonidan suv yoʻqotishlarni tartibga solish borasidagi xalqaro tartiblar bilan tanishtirildi.
Maʼlumot uchun, “Eco Expo Central Asia 2025” koʻrgazmasi joriy yilning 21-iyuniga qadar "Central Asian Expo" (CAEx) koʻrgazmalar majmuasida boʻlib oʻtadi.