UZ
RU
Ўзбекистон Республикаси Қурилиш ва уй-жой
коммунал хўжалиги вазирлиги
Ишонч телефони
1298
Электрон манзил
info@mc.uz
Сайт харитаси
Вазирга мурожаат

Янгиликлар

Energiya resurslaridan oqilona foydalanish va uni iqtisod qilish yuzasidan seminar tashkil etildi

Xabar berib kelayotganimizdek, davlatimiz rahbarining tegishli topshirig’i asosida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Prokuratura, vazirlik va idoralar mutasaddilaridan iborat ishchi guruhi tashkil etilgan bo’lib, kuz-qish mavsumini betalofat o’tkazish, aholini energiya resurslari bilan ta’minlash chora-tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan qator ishlar olib borilmoqda.

O’rganishlar davomida aniqlangan bir qator kamchiliklar, xususan, elektr energiyasini behuda sarflash holatlari, aholiga kommunal resurslarni taqdim qiluvchi va ushbu sohada xizmat ko’rsatuvchi tashkilotlar mutaxassislarining energosamaradorlikni ta’minlash yuzasidan ko’nikmalarini oshirish zaruratini paydo qilmoqda.

Shu bois daxldor tashkilotlar hamkorligida mamlakatimizda kuz-qish mavsumini betalofat o’tkazishga mas’ul bo’lgan bir qator soha mutaxassislari uchun seminar tashkil etildi. 

Tadbirni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Doniyor Qodirov kirish so’zi bilan ochib berdi. 

- Ishchi guruhimiz joylarda ko’p qavatli uylar hamda ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash yuzasidan olib borilgan ishlarni o’rganishi davomida bir qator kamchiliklarga guvoh bo’lyapmiz. Energosamaradorlikka amal qilmaslik, savdo-maishiy shaxobchalarda kunduzi ham chiroqlar yonib turgani bu borada amalga oshirishimiz lozim bo’lgan ishlar ko’p ekanligini ko’rsatmoqda. Shu ma’noda sohaga daxldor barchani bir manzilda yig’ib, mavzuning qay darada aktual ekanligini ta’kidlamoqchimiz,- dedi D.Qodirov.

Tadbirda energetik xavfsizlik, samaradorlik, resurslarni iqtisod qilish imkoniyati ilmiy yechimlar asosida tushuntirib berilmoqda.

Seminar davom etmoqda.


Seminarda Qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi vaziri o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva ham so’zga chiqib, kuz-qish mavsumini aholiga qulay sharoitlar asosida o’tkazish borasida ko’p qavatli uylarga xizmat ko’rsatuvchi boshqaruv tashkilotlari mas’uliyatidagi vazifalarga to’xtaldi:

- Sinoptiklarning prognozlariga ko‘ra joriy yilda qish mavsumi har yilgidan sovuq kelishi kutilmoqda. Bunday paytda biz har qanday sinovlarga shay holatda turib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni tezkor bartaraf etish hamda aholi xonadonlarni barcha zarur resurslar bilan ta’minlashimiz zarur. 

Mavsumni betalofat o‘tkazish uchun bir qator kechiktirib bo‘lmas tadbirlarimiz bor. Xususan, barcha boshqaruv tashkilotlari faoliyatini 24/7 rejimda tashkil qilishi shart. Ikkinchidan, aholi bilan kommunikativ ishlagan holda ularning muammolarini o’rganib borish talab etiladi. Shuningdek, uylarni har kuni rejali ko‘rikdan o‘tkazish va hozirgi davrning eng muhim talabi – energiyani tejashga alohida e’tibor qaratishimiz lozim! Zero, Sizning mehnatingiz va mas’uliyatingiz ko‘p qavatli uylarda yashovchi 7 mln aholining turmush sharoitlariga, kayfiyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi,- dedi Ozoda Jo’rayeva.