Farg‘ona viloyatida davlat dasturi asosida qurilayotgan obyektlar inspeksiya nazoratida
Farg‘ona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan tug‘ruqxona binosini rekonstruksiya qilish obyektida amalga oshirilayotgan qurilish-montaj ishlarini o‘rganish jarayonida quyidagi qoidabuzarliklar aniqlandi:
- obyektda texnik, mualliflik va ichki nazorat bo‘yicha mutaxassislar tomonidan belgilangan tartibda nazorat ishlari olib borilmagan;
- poydevor osti izolyatsiya ishlari loyiha bo‘yicha bajarilmasdan, opalubka qadash ishlariga kirishilgan. Ya'ni loyihada poydevor ostidan yerni zichlash, 100 mm qalinlikda sheben to‘shalib bitumga to‘yintirish ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, amalda bajarilmasdan keyingi ish turlariga o‘tilgan.
Toshloq tumanidagi 41-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabi binosini mukammal ta'mirlash hamda 20 Kvli quyosh batareyasi o‘rnatish obyekti ham ayrim kamchiliklardan holi emasligi aniqlandi.
Xususan,
- binoning ichki xonalarida pol ishlari loyiha bo‘yicha bajarilmagan. Ya'ni loyiha hujjatining pol tasnifida 30 mm sheben to‘shash, V7,5 sinfda 80 mm qalinlikda beton quyish, 2 qavatli gidroizolni eritilgan saqich surtish orqali yopishtirish, 30 mm o‘lchamdagi penopleks yotqizish va 100x100x3x3 o‘lchamdagi armosetkalar o‘rnatgan holda 40 mm qalinlikda beton quyish ishlari bajarilishi ko‘rsatilgan. Joyida esa ishchi loyiha hujjatlaridan chetga chiqqan holda 20 mm qalinlikdagi penopleks yotqizilib, 60 mm qalinlikda beton quyish ishlari bajarilgan;
- boshlang‘ich o‘quv binosining tom ishlari ishchi loyiha hujjatiga zid ravishda bajarilgan. Loyihada stropila 150x50 mm va reyka 50x50 mm o‘lchamda bajarilishi keltirilgan bo‘lsa-da, amalda stropila 130x35 mm va reyka 55x30 mm o‘lchamlarda bajarilgan.
Har ikki obyektda ham aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan qurilishning mas'ul shaxslariga yozma ko‘rsatmalar berildi hamda sifatsiz bajarilgan qurilish ishlari joyida inspeksiya xodimlari tomonidan demontaj qildirildi.





