Fargʻona viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi (MUNOSABAT)

Ijtimoiy tarmoqlarda Fargʻona shahri "Yoshlar" MFY Turon koʻchasi 24-a uyda “Quruvchi piyodalar yoʻlagini qoʻshib qurilish qilmoqdami?” sarlavhasi boʻyicha tarqalgan lavhalar Fargʻona viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan joyiga chiqib oʻrganildi.
Mazkur manzilda mavjud umumiy ovqatlanish bino va inshootlarini buzib, 12 qavatli mansardali umumiy ovqatlanish majmuasi, yertoʻla va birinchi qavatlari savdo va maishiy xizmat koʻrsatish kompleksi, qolgan qavatlari turar-joy binosi sifatida qurish uchun buyurtmachi “DREAM BUILD TEAM” MCHJ 2022-yil 30-dekabrda inspeksiyadan roʻyxatdan oʻtgan.
Avvalo obyektda xandaq-kotlovan qazish va karkas toʻqish ishlari bajarilgan. Undan so‘ng qurilish ishlari buyurtmachi tomonidan vaqtinchalik toʻxtatib qoʻyilgan.
Bugungi kunda qurilish ishlari yana qayta boshlangan boʻlib, avvalgi piyodalar yoʻlagi haqiqatan ham berkitib yuborilganligi aniqlandi.
Hozirda buyurtmachi tomonidan yoʻl bo‘yiga 2 kun muddatda (avtomobil yoʻliga xalaqit bermagan holda) qoʻshimcha ravishda piyodalar yoʻlagi qurish ishlari olib borilmoqda.

