Guliston shahridagi Sirdaryo arxitektura va qurilish texnikumida mahalliy korxonalar tomonidan ko‘rgazmasi bo'lib o'tdi
Guliston shahridagi Sirdaryo arxitektura va qurilish texnikumida mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan hamyonbop va sifatli qurilish materiallari, suv nasoslari, transformator punktlari, turli o'lchamdagi suv va gaz quvurlari hamda boshqa turdagi mahsulotlar ko‘rgazmasi bo'lib o'tdi.
Unda loyiha hamda pudrat tashkilotlari vakillari, sohada faoliyat yurituvchi o'nlab mutaxassislar ishtirok etishdi. Respublikaning barcha hududlaridan kelgan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxona vakillari tomonidan ichki va tashqi bozorga taqdim etilayotgan mahsulotlarning qulayligi, sifat ko'rsatkichlari, standartlarga muvofiqligi yuzasidan taqdimotlar orqali tushuntirishlar berildi.
O'zaro manfaatli tadbir soha ekspertlari va ishlab chiqaruvchilar o'rtasida qizg'in fikr-mulohazalar bilan davom etdi. Ko'rgazma so'ngida ishtirokchilar mahsulotlarni to'g'ri qo'llash borasida ma'lum ko'nikmalarga ega bo'lib, kelgusida taqdimotda ishtirok etgan ilg'or korxonalar bilan shartnoma asosida ishlash istagida ekanliklarini bildirdilar.