Haftaning juma kunlari Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vaziri o'rinbosari Ozoda Jo'rayeva va boshqa mas'ullar ishtirokida aholining ayni sohaga oid murojaatlari qabul qilinib kelinmoqda
Kommunal va uy-joylarga xizmat ko'rsatish sohasi doimiy e'tibor va mas'uliyat talab etiladigan sohalardan biri. Insonlarning birlamchi ehtiyojlari bilan bog'liqligi tufayli ham undagi har bir jihat nazoratga olinishi lozim. Bugungi rahbariyat qabulida ayni masalalar ham muhokama qilindi.
Xabaringiz bor, haftaning juma kunlari Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vaziri o'rinbosari Ozoda Jo'rayeva va boshqa mas'ullar ishtirokida aholining ayni sohaga oid murojaatlari qabul qilinib kelinmoqda. Bugun tashkil etilgan qabulda ham jismoniy va yuridik shaxslarning ko'p kvartirali uylarga xizmat ko'rsatish, noqonuniy qurilmalarni oldini olish, uylarning yerto'lalarida mavjud nosozliklar, billing tizimi va boshqa masalalarga oid 10 ga yaqin murojaatlari qayd etildi. Aksariyat muammoli holatlar bahsli bo'lganligi bois joyida o'rganish, bunda aholi ishtirokini ta'minlash lozimligi ta'kidlandi. Jumladan, boshqaruv tashkilotlari orasidagi tushunmovchiliklarga aholi vakillarining qarori asosida yechim topish mumkinligi tushuntirildi.
Shuningdek, boshqaruv tashkilotlari vakillariga ularning xalq oldidagi mas'uliyati yana bir bor eslatib o'tildi. Qabulda kelib tushgan shikoyatlarni o'z vaqtida sifatli bajarishi yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.





