Har haftaning juma kunlari vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasiga doir murojaatlari qabul qilinib kelinmoqda
Xalq dardi bilan yashash, ularning muammolarini o‘rganish va o‘z vaqtida hal qilish borasida aholi bilan muloqot tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, har haftaning juma kunlari vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasiga doir murojaatlari qabul qilinib kelinmoqda.
Bugungi bo‘lib o‘tgan qabulda ham poytaxtimizning deyarli barcha tumanlaridan kelgan murojaatchilar o‘zlarining sohaga doir muammolarini bildirdilar. Jumladan, ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv tashkilotlari faoliyati, "Mening uyim" billing tizimi, mulkdorlarning debitor qarzdoliklari, boshqaruv organlari o‘rtasidagi tashkiliy masalalar bilan bog‘liq 20 dan ortiq murojaat ko‘rib chiqildi.
Ozoda Jo‘rayeva boshqaruv organlari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish lozimligini ta’kidlab, ko‘p kvartirali uyga egalik qilishga hech kimning haqqi yo‘qligini ta’kidladi:
- Ko‘p kvartirali uy, avvalo, mulkdorlarniki. Biz ushbu uylarga faqat sifatli xizmatni taqdim qilishimiz kerak. Xalq kimni lozim topsa, kimning mehnatidan qoniqsa o‘sha xizmat ko‘rsatadi. Bu katta raqobat maydoni,- dedi vazir o‘rinbosari.
Murojaatlarni o‘rganish natijasida ularning 11 tasi joyida ijobiy hal etildi, 4 tasi yuzasidan huquqiy maslahatlar berildi, 5 tasining ijrosi nazoratga olindi.
Muhimi, murojaatchilar ko‘rilgan choralar, ko‘rsatilgan huquqiy yordam va tushuntirishlardan qoniqish hosil qilganliklarini bildirdilar.






