Har seshanba va juma kunlari litsenziya oluvchilar uchun shaxsiy qabullar tashkil etilmoqda
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan litsenziyalash va akkreditatsiyalash sohasida koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarining ochiqligini taʼminlash, sohaga oid qonunchilik hujjatlarini tushuntirish hamda litsenziya oluvchilarning ariza, taklif va shikoyatlarini real vaqtda qabul qilish maqsadida haftaning seshanba hamda juma kunlari shaxsiy qabullar oʻtkazib kelinmoqda.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi binosida tashkil etilayotgan bu kabi qabullarda hozirgacha 20 nafarga yaqin tadbirkorlik subyektlari ishtirok etib, litsenziyalanadigan faoliyat turlari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan 50 dan ortiq savollarga javob olishdi.
Mazkur savollarga vazirlikning Litsenziyalash va akkreditatsiyalash, Murojaatlar bilan ishlash va dispetcherlik xizmati boʻlimlari hamda Qurilish sohasida tender, reyting va buyurtmachi tizimini metodologik taʼminlash boʻlimi mas'ullari batafsil javob berishyapti.
Jumladan, bugungi qabul jarayonida “TIME ENERGY” jamiyat rahbari T.Sa’dullayevning хavfi yuqori boʻlgan obyektlarni va potensial ishlab chiqarishni loyihalashtirish, qurish hamda ulardan foydalanish faoliyatiga oid savollariga mas’ullar tomonidan tegishli javoblar berildi.
Xususan, “INTEGRO” MCHJ rahbariga arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish faoliyatini litsenziyalashda litsenziya talablari va shartlarining mazmuni-mohiyati tushuntirildi.
Shuningdek, onlayn tarzda Surxondaryo viloyatidan qatnashgan “SURXON QURILISH, NAZORAT VA OʻLCHOV” MCHJ rahbari hamda vakilining qurilish sohasida ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash va akkreditatsiya qilish talablari borasida bergan savollariga javob berilib, arizani rad etishga asos boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha ham maslahatlar berildi. Shu bilan birga Litsenziyalash va akkreditatsiyalash bo‘limi xodimlari tomonidan litsenziya olish uchun arizalarni to‘ldirish va tegishli hujjatlarni ilova qilishda e’tibor berilishi kerak bo‘lgan jihatlarga alohida to'xtalib o'tildi.
Shu tarzda hafta davomida o‘tkazilib kelinayotgan shaxsiy va onlayn qabullar davomida tadbirkorlar o'z faoliyatida uchrayotgan tushunmovchiliklar va ularni qiynab kelayotgan muammolarning yechimi bo‘yicha malakali tavsiyalar olishmoqda.
Eslatib o'tamiz, qabul har seshanba va juma kuni vazirlik binosida soat 10-00 da bo'lib o'tadi. Shaxsiy qabulga kelish imkoniyati boʻlmaganlar zoom platformasi orqali onlayn ishtirok etishlari mumkin.