Ijro intizomi — islohotlarning borishidagi asosiy kuch
Bugun vazirlikda “Ijro.gov.uz” tizimida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijrosini yanada mustahkamlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga bag’ishlangan gibrid formatdagi yig’ilish bo’lib o’tdi.
Unda vazirlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalar va tizim tashkilotlari vakillari bevosita hamda zoom platformasi orqali ishtirok etdilar.
Yig’ilishni ijro intizomi, soha oldida turgan dolzarb vazifalarga asoslangan kirish so’zi bilan vazir o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva ochib berdi.
- Davlatimiz rahbarining “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”,- degan g'oya va tashabbuslari ijro tizimi ma'muriyatiga katta mas'uliyat yuklaydi. Ma'lumki, ijro intizomi — vazirligimiz ish samaradorligini ta'minlovchi eng muhim hamda asosiy faoliyat ko'rsatkichlaridan biri.
Xalqimiz ishonchini oqlashda davlat xizmatchisi sifatida har birimiz kuchli mas’uliyat va daxldorlikni his qilishimiz lozim,- dedi vazir o’rinbosari.
Ta’kidlanganidek, vazirlikka 2025-yilning yarim yilligida Ijro.gov.uz nazorat tizimi orqali jami 1 275 ta topshiriq kelib tushgan bo‘lsa, ularning 1 120 tasi yoki 88 foizi ijrosi muddatidan oldin va o‘z vaqtida bajarildi. Ammo ayrim xodimlarning mas’uliyatsizligi orqali muddatidan o’tgan topshiriqlar ham qayd etilgan.
Vazirlikda ijro intizomini samarali tashkil etish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish borasida ko‘nikma va tajribalarini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar haqida Ijro intizomi bo’limi boshlig’i V.Mamedov ma’lumot berdi.
Xususan, xodimlar uchun o‘quv-seminarlarini tashkil etish, topshiriqlar ijrosini kunlik monitoring va muhokama qilish bilan birga muntazam ravishda vazirlik Hay’ati yig‘ilishlarida tanqidiy ko‘rib borish, topshiriqlar ijrosini ta’minlashda har oylik kelendar grafikda belgilangan muddatlarga qat’iy rioya etish, nazorat tizimini kuchaytirish maqsadida ishchi guruhlar tashkil etish ishlari shular jumlasidandir.
Ochiq va konstruktiv muloqot jarayonida hududlar hamda tizim tashkilotlarida uchrayotgan holatlar tahlil qilindi. Har bir mas’ul sohaga yangi texnologiyalarni olib kirishi va o’z ustida doimiy ishlashi kerakligi yana bir bor eslatildi.