Ko’p kvartirali uylarga xizmat ko’rsatuvchi boshqaruv tashkilotlari faoliyati muhokama qilindi
Bugun vazir o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva poytaxtimizda faoliyat yuritib kelayotgan bir qator boshqaruv tashkilotlari vakillari bilan uchrashib, sohadagi dolzarb masalalar, galdagi muhim vazifalar xususida uchrashuv o’tkazdi.
Unda ko’p kvartirali uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar, boshqaruv tashkilotlari faoliyatida uchrayotgan muammolar atroflicha muhokama qilindi. Xususan, tutash yer uchastkalarini tozalashdan hosil bo’lgan chiqindilarni olib chiqib ketish tartibi, ko’p qavatli uylarning yerto’la qismlaridan foydalanish hamda billing tizimiga oid bahsli masalalarga yechim berildi. Shuningdek, boshqaruv tashkilotlarining xalq oldidagi mas’uliyatiga yana bir bor urg’u berib o’tildi:
- Davlatimiz rahbari bilan sohada juda ko’p o’zgarishlar bo’lmoqda. Bugun kommunal sohaning quyi tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan har bir mutaxassis fikri inobatga olinib, ularga qulay sharoit yaratish choralari ko’rilmoqda. Shu ma’noda bizdan ham katta mas’uliyat, yurtimizni rivojlantirish yo’lida daxldorlik talab etiladi,- dedi Ozoda Jo’rayeva.
Shu bilan birga boshqaruv tashkilotlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlari hisoboti tinglanib, zarur tavsiyalar berildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda bo’lib turgan BMTning Munosib turar joy masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Rajgopal Balakrishnan boshchiligidagi delegatsiya bilan boshqaruv tashkilotlari ishtirokida uchrashuv bo’lib o’tadi. Unda ko’p qavatli uylarga xizmat ko’rsayish sohasidagi qator islohotlar, yechimini kutayotgan masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan. Tadbirda uy-joylarga xizmat ko’rsatish tizimiga xalqaro tashkilotlarning e’tibori jalb etilayotgani bugungi kunda sohaning dolzarb ahamiyatini ifodalashi qayd etildi.




