UZ
RU
Ўзбекистон Республикаси Қурилиш ва уй-жой
коммунал хўжалиги вазирлиги
Ишонч телефони
1298
Электрон манзил
info@mc.uz
Сайт харитаси
Вазирга мурожаат

Янгиликлар

Ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko'rsatuvchi boshqaruv tashkilotlari sudga murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi

Bugun Oliy Majlis Senatining ellik oltinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kommunal to‘lovlarni sud orqali undirishda qulayliklar yaratishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonuni ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan Fuqarolik protsessual kodeksi va “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Unga ko‘ra ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari o‘zlari tomonidan aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi daʼvolar, arizalar va shikoyatlar bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha va iqtisodiy sudlarga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.

Shuningdek, aholining ortiqcha ovoragarchiligini oldini olish va odil sudlovni taʼminlash maqsadida Fuqarolik protsessual kodeksiga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, fuqarolik ishlari bo‘yicha va iqtisodiy sudlarga ko‘p kvartirali uyning joylari mulkdorlaridan majburiy badallar va to‘lovlarni undirish bo‘yicha sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilishda arizaga ilova qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar ro‘yxati qatʼiy belgilab qo‘yilmoqda.

Majlisda Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vaziri o'rinbosari Ozoda Jo'rayeva so'zga chiqib, mazkur Qonunning zarurati xususida fikr bildirdi:

- Amaldagi Qonun talablariga ko‘ra BSK va shirkatlar qarzdorlikni undirish uchun sudga murojaat qilganda, davlat bojini da’vo talabi summasidan kelib chiqib to‘laydi. Mazkur holat pul mablag‘i yetarli bo‘lmagan BSK va shirkatlar uchun qarzdorlikni undirishda muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Aniqrog‘i, mazkur BSK va shirkatlar sudlarga da’vo kiritolmayapti. Yangi Qonun bilan BSK va shirkatlar fuqarolik yoki iqtisodiy sudlarga murojaat qilganda, davlat bojini to‘lashdan ozod etilishi belgilanmoqda. Bunda to‘lanishi lozim bo‘lgan davlat boji sud tomonidan taraflardan birining zimmasiga yuklatiladi. Bu o‘z navbatida BSK va shirkatlarning hamda mulkdorlarining mas’uliyatini oshiradi. Ya’ni sifatli xizmatga ega bo‘lmagan boshqaruv tashkilotlari tomonidan asossiz sudlarga arizalar berilishi oldi olinadi, - dedi vazir o'rinbosari. 

Ta'kidlanganidek, mazkur Qonunning qabul qilinishi fuqarolarning va tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishni so‘rab sudga murojaat qilish huquqi kafolatlarini yanada kuchaytirishga, shuningdek, odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Muhokamadan so‘ng Qonun maʼqullandi.