UZ
RU
Ўзбекистон Республикаси Қурилиш ва уй-жой
коммунал хўжалиги вазирлиги
Ишонч телефони
1298
Электрон манзил
info@mc.uz
Сайт харитаси

Янгиликлар

KO'P KVARTIRALI UYLARNI BOSHQARISH SOHASIDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN ISHLAR NATIJADORLIGI" MAVZUSIDA MATBUOT ANJUMANI

Anjumanda ishtirok etayotgan jamoatchilik va OAV vakillari bilan ochiq muloqot jarayonida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo'rayeva kommunal sohani raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to'xtalib, shunday dedi:

Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga asosan “Mening uyim” billing tizimi joriy qilindi. Tizimga uy-joy mulkdorlarining shaxsiy identifikatsiya va ularning tegishli mol-mulki kadastr raqamidan foydalangan holda respublikadagi 38 984 ta ko‘p kvartirali uylar kiritildi.  
Boshqaruv organlarining reyestrini yuritish tizimi to‘liq onlayn formatga o‘tkazildi. Boshqaruv organlari hamda mulkdorlar ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarda qurilgan noqonuniy qurilmalar bo‘yicha shaxsiy kabinet orqali xabar jo‘natish va mazkur xabar holati va natijasini kuzatib borish imkoniyatlari yaratildi.

Ma'lumot o'rnida,  “Mening uyim” billing tizimi orqali 2022-yilda 238,9 mlrd so‘m, 2023-yilda 460,4 mlrd so‘m va 2024-yil 30-aprel holatiga 240,0 mlrd so‘m, ya'ni rejaga nisbatan 95 foiz majburiy badal to‘lovlari kelib tushgan. 
Aholining boshqaruv organlari oldidagi majburiy badal to‘lovidan 2024-yil 30-aprel holatiga 207 mlrd so‘m debitor qarzdorligi mavjud. Debitor qarzdorlikni undirish tadbirlari davom etmoqda. Hozirgi kunda tushum o‘rtacha 95 foizni tashkil etadi
.

 


Ta'kidlanganidek, 2023-yil 15-avgust sanasida qabul qilingan “Ko‘p kvartirali uylar boshqaruvini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 278-son Prezident qarori ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatish sohasini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur qaror ijrosini ta'minlash maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, boshqaruv organlari va mulkdorlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov intizomini ta'minlash maqsadida majburiy badallar yoki to‘lovlarning eng kam miqdorini belgilandi.

Bunda vazirlik huzurida ishchi guruhi tuzilib, respublikadagi ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari tomonidan umumiy mulkni saqlash xarajatlarini tumanlar bo‘yicha shuningdek, ko‘p kvartirali uylarning qavatlari soniga qarab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tahlil qilindi.

2024-yil 1-maydan boshlab eng kam tarifni qo‘llash barcha ko‘p qavatli uylarni boshqarish organlari uchun majburiy hisoblanadi.

Bunda billing tizimidagi ko'p kvartirali uylarning tariflarini o'zgartirish boshqaruv organi tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi – billing tizimidagi tarif avtomatik ravishda o'zgarmaydi.

 


Matbuot anjumani davomida soha ekspertlari tomonidan majburiy badallarning eng kam miqdori faqatgina ko‘p kvartirali uyga texnik xizmat ko‘rsatish, joriy ta'mirlash va ekspluatatsiya xarajatlari uchun sarflanishi alohida ta'kidlandi. 

Shuningdek, abonentlarning o‘tgan davrdagi mavjud majburiyatlari, ya'ni qarzlari bo‘yicha qarz majburiyatlarini qayta hisob-kitob qilish amalga oshirilmasligi bildirildi. Bunda avvalgi tariflar bo‘yicha mavjud qarz saqlanib qoladi, faqat umumiy mulkni boshqarish va saqlash bo‘yicha boshqaruv tashkiloti tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun 1-maydan boshlab to‘lov miqdori ortadi.

Shunga ko‘ra mulkdorlarning umumiy mulkni saqlash bo‘yicha majburiyatlari joriy yilning 1-mayidan boshlab yangi tarif bo‘yicha hisoblab chiqiladi va mavjud qarzga qo‘shiladi.

Ma'lumot uchun, ko‘p qavatli uyda kapital ta'mir ishlari katta miqdordagi mablag‘ talab qilinishi inobatga olingan holda aholining majburiy to‘lov, ya'ni kvartplatadan tashqari mablag‘lari asosida amalga oshiriladi. Bunda umumiy yig‘ilish o‘tkazish va aholi roziligini olish talab etiladi.

 


Matbuot anjumanida "Yangi O'zbekiston" massivlarida barpo etilayotgan uy-joylar ekspluatatsiyasi masalasiga ham to'xtalindi. 

Xabaringiz bor, respublikada 53 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etilmoqda. Albatta, uy-joylarni qurish bilan bir qatorda ularni talab darajasida ekspluatatsiya qilish muhim masala hisoblanadi. 
Hozirda 13 400 ta xonadonli 409 ta ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-avgustdagi 278-son qarori bilan quruvchi tashkilot qurilishi tugallangan ko‘p kvartirali uyni boshqarish uchun boshqaruvchi tashkilotni jalb qiladi. Boshqaruvchi tashkilot aniqlanmagan ko‘p kvartirali uylar foydalanishga qabul qilinmaydi. Shuningdek, yangi massivlardagi loyihani amalga oshirishda ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv tashkilotlari uchun xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan bino qurilishi ham nazarda tutilgan. 

Bugungi kunda “Yangi O‘zbekiston” massivlarida foydalanishga topshirilgan va topshirilayotgan ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish uchun hududlardagi salohiyatli boshqaruv organlari tanlanib, o‘z ish faoliyatini olib bormoqda.

 


Aksariyat ko‘p kvartirali uylarning mulkdorlari boshqaruv organi ular bilan shartnoma tuzmagani sabab pul to‘lashdan bosh tortishadi. Mazkur e'tiroz qanchalik o'rinli? Bunday vaziyatlarda qanday yo‘l tutish kerak?

OAV vakillari bilan muloqot jarayonida bildirilgan ushbu savolga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo'rayeva javob berdi: 

- O‘zbekiston Respublikasining “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risidagi” 581-son Qonunining maqsadi ko‘p kvartirali uylarni boshqarish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. 
Qonuning 16-moddasiga asosan joylarning mulkdorlari umumiy mol-mulkni saqlash bo‘yicha umumiy xarajatlarni birgalikda zimmasiga olishi shart.
Mulkdorning o‘ziga qarashli joydan foydalanmasligi yoxud umumiy mol-mulkdan foydalanishdan voz kechishi uni umumiy xarajatlarda ishtirok etishdan to‘liq yoki qisman ozod etmaydi. 
Shuningdek, mazkur qonunning 21-moddasiga asosan umumiy yig‘ilishda qaror qabul qilinishi uchun barcha joylar mulkdorlarining yoki ular vakillarining ellik foizidan ko‘prog‘i hozir bo‘lishi kerak. Umumiy yig‘ilishning qarori, agar uni yoqlab joylar mulkdorlarining yoki ularning umumiy yig‘ilishda hozir bo‘lgan vakillarining ellik foizidan ko‘prog‘i ovoz bersa, qabul qilingan deb hisoblanadi.
Umumiy yig‘ilish qarori barcha joylarning mulkdorlari, shu jumladan, ovoz berishda ishtirok etmaganlar yoki qarshi ovoz berganlar tomonidan ham bajarilishi majburiyligi belgilangan.
Shu sababli joy mulkdorlari ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv organlari bilan shartnoma tuzishi yoki tuzmaganligi ko‘p kvartirali uyning umumiy mol-mulkni saqlash bo‘yicha umumiy xarajatlardan ozod etmaydi, - deya ma'lum qildi vazir o'rinbosari.

 


Vazirlik mutasaddilari jurnalist va jamoatchilik faollarini savollariga javob bermoqdalar. 

Savol: Aholi minimal tarif joriy etilganidan so‘ng boshqaruv organidan nimalarni talab qila oladi?

Ta’kidlandiki, ko‘p kvartirali uyning umumiy foydalanishdagi mol-mulkni saqlash bo‘yicha 12 ta, tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha 4 ta, jami 16 ta xizmat va ishlar ro‘yxati keltirib o‘tilgan.

Elektr energiyasini ta’minlash, lift uskunalariga xizmat ko‘rsatish, zaruratga ko‘ra uylarning fasad va kirish yo‘laklarini joriy, ya’ni ehtiyojga ko‘ra ma’lum qismini ta’mirlash, yerto‘lada o‘rnatilgan ichimlik suv nasoslari va muhandislik tarmoqlari sozligini ta’minlash, tom qismi butligini saqlash, promivka qilish, issiqlik izolyatsiyasini saqlash, dezinfeksiyalash ishlarini olib borish, oqova suv tarmog‘iga ulanmagan uylardagi xandaqlarni tozalash, kirish yo‘laklari va lift xonalarini tozalash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga e’tibor qaratish, noqulay ob-havo sharoitida qorlar va muzlamalarni tozalash kabi ishlar shular jumlasidandir.  

Ta’kidlash lozimki, majburiy badallarning eng kam miqdori faqatgina ko‘p kvartirali uyga texnik xizmat ko‘rsatish, joriy ta’mirlash va ekspluatatsiya xarajatlari uchun sarflanadi.

Ko‘p qavatli uyda kapital ta’mir ishlari katta miqdordagi mablag‘ talab qilinishi, misol uchun deylik, bitta uyning tom qismini kapital ta’mirlash  uchun  o‘rtacha 400 million so‘m sarflanishi inobatga olingan holda aholining majburiy to‘lov, ya’ni kvartplatadan tashqari mablag‘lari asosida amalga oshiriladi. Bunda umumiy yig‘ilish o‘tkazish va aholi roziligini olish talab etiladi.  

Aholi minimal tarif joriy etilganidan so‘ng ushbu ro‘yxatda keltirib o‘tilgan barcha xizmat va ishlar bo‘yicha hisobotni talab qilishga haqli.
Boshqaruv tashkiloti mulkdorlarga amalga oshirilgan ishlar ko‘lami, xarajatlar va faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi axborotdan erkin foydalanishni ta’minlashi shart.