"Koʻp kvartirali uylar va aholi gavjum boʻladigan boshqa obyektlarda liftlardan foydalanish holati, amalga oshirilgan ishlar" mavzusida matbuot anjumani
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish” toʻgʻrisidagi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining “2021-2027-yillarda respublikadagi koʻp kvartirali uylarning lift uskunalarini taʼmirlash va yangilashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 602-sonli qarori va normativ hujjatlarga asosan koʻp kvartirali uy-joylardagi lift uskunalarida davlat dasturlarini amalga oshirish, liftlarni ekspluatatsiya qilishda monitoring jarayonlarini olib boradi.
Jumladan, Respublikada 4 427 ta koʻp kvartirali uyda 11 428 ta lift uskunalari mavjud boʻlib, shulardan 11 070 tasi odam tashishga, 358 tasi yuk tashishga moʻljallangan.
Ushbu uy-joylardagi ekspluatatsiya muddatini oʻtab boʻlgan va maʼnan eskirgan lift uskunalarini Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan yangilash va taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
Tasdiqlangan dasturlarga asosan 2021-2023-yillarda 1 686 ta liftlar yangilanib, 84 ta lift uskunalari mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan taʼmirlandi.
Xususan, 2024-yilda Toshkent shahrida 452 ta, Andijonda 3 ta, Buxoroda 2 ta, Navoiyda 29 ta, Samarqand viloyatida 42 ta, jami 528 ta lift uskunalarini mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan yangilash ishlari yakunlanmoqda.
Ko’p kvartirali uylardagi lift uskunalaridan samarali foydalanish, ularni saqlash va liftlardan xavfsiz foydalanish bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etishning yangi mexanizmlarini joriy qilish, shuningdek, aholining lift uskunalariga nisbatan daxldorlik hissini oshirish maqsadida “Xavfsiz lift” yagona idoralararo platformasi ishlab chiqildi. Platforma ishga tushgandan soʻng respublikadagi barcha liftlarni real vaqt rejimida monitoring qilib borish hamda zamonaviy dispetcherlik xizmati koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyiladi.
Kelgusi yillar davomida respublikadagi 2 001 ta liftni yangilash hamda 382 tasini taʼmirlash ishlari olib boriladi.
AOKAda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi hamda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Bahs-munozaraga boy tarzda o’tgan anjumanda OAV vakillari ham oʻzlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan masʼullarga murojaat qilishdi.