Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik avj pallada
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan joriy yilda resublika miqyosida 5 409 ta ko’p kvartirali uyni mukammal va joriy ta’mirlash rejalashtirilgan. Bugungi kun holatiga ko’ra 88 mlrd so’m mablag'lar hisobidan 4 371 ta uyni ta’mirlash ishlari olib borildi. Shuningdek, joriy yilning 1-oktabriga qadar yana 60,7 mlrd so’m mablag’lar hisobiga ta’mirlash ishlarini olib borish rejalashtirilgan.
Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vaziri o'rinbosari Ozoda Jo'rayeva hududlarda bo'lib, mazkur ishlarning borishini ko'zdan kechirmoqda. Jumladan, bugungi o’rganish ishlari poytaxtimizning Mirzo Ulug’bek tumanida bo’lib o’tdi.
Tumanda kompaniyalar tomonidan ko’p kvartirali uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash, xususan, tom qismini ta’mirlash, uylarning fasad va kirish yo’laklarni yangilash, yerto’la qismdagi muhandislik tarmoqlarini almashtirish, obodonlashtirish kabi ishlar amalga oshirilgan.
Vazir o’rinbosari boshqaruv organi mas’uliyati bu borada qanchalik muhimligini eslatib o’tdi:
- Biz uchun hozir juda ham muhim vaqt. Chunki sovuq mavsumni talofatsiz o'tkazish ko'pincha unga ko'riladigan tayyorgarlikka bog'liq. Shu bois ushbu mas'uliyatli vazifaga jiddiy e'tibor qaratish va sifat darajasini qat'iy ushlab turish lozim. Murojaatlar qancha kam bo’lsa, ish samaradorligi shuncha ortadi. Buning uchun ishlarni tizimli tashkil eta olishimiz shart,- dedi Ozoda Jo’rayeva.
Ma’lumot uchun, ko’p qavatli uylarni mavsumga tayyorlash ishlari joriy yilning oktabr oyiga qadar davom etadi.




