Majburiyatsiz huquq bo’lmaydi!
Vazir o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva ko’p qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari bilan tanishish maqsadida Toshkent shahri Uchtepa tumanida o’rganish ishlarini olib bordi.
“Xuroson” mahallasida joylashgan 34 ta ko’p qavatli uyga xizmat ko’rsatuvchi “Xuroson” BSK faoliyati bilan tanishildi. Kompaniya boshqaruviga yaqinda kirgan 18 va 19- uylarning texnik holati o’rganilib, mavjud muammolarning kelib chiqish sabablari tahlil qilindi.
Aniqlanishicha, mazkur uylarda debitor qarzdorlik 50 mln so’mdan oshiqni tashkil etadi. Bu holat uylar ekspluatatsiyasi sifatiga ham ta’sir etmay qolgan.
“Xuroson” BSK tomonidan hozirda atrof-hududlarni tozalash, yerto’lani ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan.
Ozoda Jo’rayeva aholi bilan suhbatda bo’lib, mulk mas’uliyati va daxldorlik xususida fikr bildirdi.
Jarayon so’ngida qarzdorlik undirilishi, bunda faollarning hissasini oshirish, mulkdorlarning kommunal madaniyatini yuksaltirish va uy-joylarga xizmat ko’rsatish ishlari sifatini yaxshilashga kelishib olindi.
Boshqaruv organiga mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan 1 hafta muddat berildi.