MUNOSABAT
Buxoro shahri Ibn Sino koʻchasi (bugungi kunda Bogʻi shamol koʻchasi) hududida Buxoro shahar hokimining 2018-yil 23-martdagi qaroriga asosan fuqaro Z.Sharipovaga birinchi va ikkinchi qavatlarida savdo va maishiy xizmat koʻrsatish, yuqori qavatlarida koʻp xonadonli turar-joy binosi qurish uchun 1900,0 kv.metr yer maydoni ajratilgan (shahar hokimining 2020-yil 25-noyabrdagi qarori bilan oʻzgartirish kiritilgan).
Tegishli hujjatlar yigʻilib, tasdiqlangach fuqaro Z.Sharipovaning murojaatiga asosan qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun hududiy inspeksiya tomonidan unga 2018-yil 30-avgustda ruxsatnoma berilgan. Z.Sharipova (jamiyat taʼsischisi) nomidan qurilishi tugallanmagan bino-inshoot “Dilum Nur stroy” MCHJ nomiga rasmiylashtirilgan. Shundan soʻng mazkur bino-inshoot qurib bitkazilib, qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish SHNQ 3.01.04-19 talablaridan qoʻpol ravishda chetga chiqilib, Buxoro viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasining ishtirokisiz “Davlat qabul hayʼati tomonidan taqdim etilgan obyektning qurilish ishlari tugallanganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomasi va Buxoro shahar hokimining 2020-yil 20-oktyabrdagi qaroriga asosan MCHJga tegishli yetti qavatli bino-inshoot foydalanishga qabul qilingan.
Mazkur qarorga asosan Buxoro viloyat Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri Davlat korxonasi Buxoro shahar filiali tomonidan 2020-yil 20-oktabrda “Koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazganligi toʻgʻrisida Davlat reyestridan koʻchirma” berilgan hamda yetti qavatli bino-inshootning kadastr pasporti (yigʻma jildi) shakllantirilib, tayyorlab berilgan.
Ammo bugungi kunda “Dilum Nur stroy” MCHJ tomonidan foydalanishga qabul qilingan yetti qavatli bino-inshootning sakkizinchi qavatida, tegishli tartibda Shaharsozlik qonunosti hujjatlari rasmiylashtirilmasdan shaharsozlik normalari, qurilish meʼyorlari va qoidalariga zid ravishda oʻzboshimchalik bilan qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan 8-qavatda 13 ta xonadon mavjud.
Holat yuzasidan hududiy inspeksiya tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-iyuldagi qaroriga asosan mazkur noqonuniy qurilmani bartaraf etish yuzasidan vakolat doirasida tegishli choralar koʻrish uchun shahar hokimiyatiga murojaatlar yoʻllangan hamda MCHJga foydalanishga topshirish toʻgʻrisidagi qonun talablarini buzganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 99-moddasiga asosan javobgarlikka tortilgan.
Hozirgi kunda mazkur obyektda quyidagi kamchiliklar mavjud:
-lift qurilmalari oʻrnatilmagan;
-muqobil elektr tarmogʻiga ulanmagan;
-binoning 8-qavatida shaharsozlik hujjatlarisiz qurilish-montaj ishlari olib borilgan. Holat nazorat ostida.