Murojaatlar joyiga chiqqan holda o’rganilmoqda
Xabar berganimizdek, kuni kecha vazirlikda fuqarolarning kommunal sohaga oid murojaatlari qabul qilindi.
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi vaziri o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva aksariyat joyiga chiqqan holda o’rganmoqda.
Ilk manzil - Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko’chasi bo’ldi. Mazkur hududda joylashgan ko’p qavatli uylarning texnik holati, ekspluatatsiyasi, aholiga ko’rsatilayotgan xizmatlar ko’zdan kechirildi.
Shuningdek, aholini qiynayotgan masala, ya’ni ikki boshqaruv organi o’rtasidagi kelishmovchilik va buning asnosida mulkdorlarga yetkazilayotgan noqulaylik oldi olindi.
Ozoda Jo’rayeva aholi vakillari bilan suhbatlashib, ularga sohadagi o’zgarishlar, mulkdorlik mas’uliyati va vazifalari haqida ma’lumot berdi. Aholi majburiy badal hisobiga boshqaruv organidan nimalar talab qilishi mumkinligi yuzasidan tushunchalar berdi.
Ko’p qavatli uydagi umumiy mulk, xususan, yerto’la fuqarolar tomonidan noqonuniy ravishda egallab olinishi mumkinmi? Xuddi shunday holat Ozoda Jo’rayeva o’rgangan murojaatlarning birida aks etdi.
Yashnobod tumani “Dilbog’” mahallasi 66-son uy uyboshi tomonidan noqonuniy ravishda boshqarilib, egallab olingan yerto’laga hatto mazkur uy biriktirilgan boshqaruv organi ham kiritilmay kelingan. Bu esa uyning texnik holatini saqlashda qator muammolarni keltirib chiqarib, aholi noroziligiga sabab bo’lmoqda.
- Bunday tartibsizlik davom etar ekan, sohadagi islohotlarning borishi qiyinlashadi. Aholiga sifatli xizmat ko’rsatilmay turib, uyni shaxsiy mulkdek egallab olish holatlari tizimdagi eng og’riqli nuqtamiz. Va biz bularning barchasiga chek qo’yamiz,- dedi Ozoda Jo’rayeva.
O’rganishlar yakunida mazkur masalaga ham qonuniy tarzda ijobiy yechim berildi. Aholiga “Izlanish” boshqaruv organi xizmat ko’rsatadigan bo’ldi.




