Navoiy shahri I. Karimov ko‘chasi 49-uyning lifti ishlamay kelayotganligi (Rasmiy munosabat)

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan Navoiy shahri I. Karimov ko‘chasi 49-uyning lifti ishlamay kelayotganligi bilan bog‘liq murojaat yuzasidan qo‘yidagilar ma’lum qilinadi:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Buxoro va Navoiy viloyatlari aholisining turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 24-oktyabrdagi 646-sonli qaroriga asosan, Navoiy shahrida 9 ta ko‘p qavatli uyning lift uskunalari, shu jumladan Islom Karimov shoh ko‘chasi 49-uyning ko‘tarish qurilmasini yangisiga almashtirilishi, buyurtmachi tashkilot Navoiy viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” unitar korxonasi va pudratchi ya’ni lift o‘rnatuvchi tashkilot “Ideal Lift Servis” MCHJ tomonidan amalga oshirilishi belgilangan hamda 2022-yilning 7-noyabr kuni o‘rtalarida shartnoma imzolangan.Mazkur shartnomaga asosan “Ideal Lift Servis” MCHJ tomonidan Islom Karimov shoh ko‘chasi 49-uydagi lift yangisiga almashtirilgan. Biroq, liftni almashtirish jarayonida ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi sababli, lift foydalanishga qabul qilinmagan va jamiyat rahbariyatiga liftni kamchiliklarini tuzatish bo‘yicha buyurtmachi tomonidan ko‘rsatma berilgan.
“Ideal Lift Servis” MCHJ liftning kamchiliklarini bartaraf etish choralarini o‘z vaqtida ko‘rmaganligi bois, qonunuiy chora ko‘rilishini so‘rab huquqni muhofaza qiluvchi organlarga hamda shartnoma shartlari bajarilmaganligi sababli, Navoiy viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” unitar korxonasi tomonidan sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilingan. 2023-yil 2-noyabr kuni Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qaroriga ko‘ra javobgar “Ideal Lift Servis” MCHJdan da’vogar Navoiy viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati”DUK foydasiga 761.943.035 so‘m asosiy qarzdorlik, 75.000.000 so‘m hisoblangan penya, oldindan to‘langan 30.397.910,32 so‘m davlat boji undirilishi belgilangan.
Ushbu mablag‘lar undirilgach, liftni ta’mirlash ishlari davom ettirilishi ko‘zda tutilgan.

