Navoiy viloyatida ko‘p qavatli uylarni qurishda zilzilabardoshlik va seysmik xavfsizlik talablariga rioya etilishi yuzasidan muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
Bugun Navoiy viloyatida ko‘p qavatli uylarni qurishda zilzilabardoshlik va seysmik xavfsizlik talablariga rioya etilishi yuzasidan muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari T.Alimatov shaxsan ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida viloyat qurilish bosh boshqarmasi, loyiha-pudrat tashkilotlari, hududiy nazorat inspeksiyasi, Kadastr agentligi, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va boshqa tegishli tashkilotlar vakillari ishtirokida seminar va o‘rganish tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbir doirasida foydalanishga topshirilgan obyektlar kadastr idoralarining elektron bazasi orqali tahlil qilindi. Xususan, obyektlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi, loyiha hujjatlari davlat yoki xususiy ekspertizadan o‘tkazilgani, xavf-xatar toifalariga muvofiqligi, qurilish materiallari uchun muvofiqlik sertifikatlarining mavjudligi va bino-inshootlarning seysmik mustahkamligi bo‘yicha 405-sonli Hukumat qarori talablariga amal qilinishi kabi masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Mutaxassislar ishtirokida savol-javoblar o‘tkazilib, tushuntirishlar berildi.
Vazir o‘rinbosari ishtirokchilarga qurilishda sifat va xavfsizlik birinchi o‘rinda turishini alohida ta’kidlab, bu yo‘nalishda qonuniylikni ta’minlash, zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, sohaga ilmiy va texnik yondashuvni kuchaytirish zarurligini qayd etdi.