“Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay jismoniy muhit yaratish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi
Oʻzbekiston nogironlar Assotsiatsiyasi va Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi hamkorligida “Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay jismoniy muhit yaratish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirdan ko'zlangan maqsad BMTning “Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida''gi Konvensiyasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da belgilangan mas'ul ijrochi davlat tashkilotlarining qilingan ishlari va istiqboldagi rejalari bilan tanishishdan iborat.
Davra suhbati davomida Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi huzuridagi ilmiy-tadqiqot instituti mas'uli Durdona Rahimova so'zga chiqib, "Nogironligi boʻlgan shaxslar ehtiyojini inobatga olgan holda sanitariya-gigiyena xonalariga qoʻyiladigan talablar" mavzusida fikr bildirdi.
Bizning maqsadimiz nogironligi boʻlgan shaxslarning hayotiy faoliyati cheklanganligini yengib oʻtishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib, oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatish va mustaqil yashash imkoniyatlarini tiklashga, shuningdek, ularni jamiyatda oilaviy hayotning odatiy sharoitlariga qaytarishga qaratilgan. Bu borada ishlab chiqilgan SHNQ 2.07.02-22 “Qurilish obyektlarini nogironligi boʻlgan shaxslar hamda keksalar ehtiyojini inobatga olgan holda loyihalashtirish” meʼyor hujjati ham aholining kam harakatchan guruhlari hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning boshqalar bilan bir qatorda universal loyiha (dizayn) tamoyili asosida teng yashash sharoitlarini yaratishi lozim, - dedi Durdona Rahimova.
Hamkorlar qiziqarli bahs-munozaraga boy tarzda o'tgan bu kabi tadbirlarni kelgusida yana tashkil etishga kelishib olishdi.


