UZ
RU
Ўзбекистон Республикаси Қурилиш ва уй-жой
коммунал хўжалиги вазирлиги
Ишонч телефони
1298
Электрон манзил
info@mc.uz
Сайт харитаси
Вазирга мурожаат

Янгиликлар

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI QURILISH VA UY-JOY KOMMUNAL XO'JALIGI VAZIRLIGI (MUNOSABAT)

“Ishonch” gazetasi tahririyati  tomonidan 2024-yil 22-iyunda nashr etilgan “BARCHASI BADASTIRMI? yoxud bunyodkorlik sohasida jiddiy nazorat o‘rnatish zarurati xususida” mavzusidagi maqola vazirlikning mas’ullari tomonidan o‘rganib chiqildi. Albatta bugungi keskin globallashuv davrida OAV da sohalarga doir chop etilayotgan har qanday tanqidiy-tahliliy maqola barchamizdan yanada yuksak mas’uliyat va xayrixohlikni talab etadi. Shu ma’noda “Ishonch” gazetasida nashr etilgan ushbu maqola va unda ko‘rsatib o‘tilgan dolzarb masalalar bugungi kun nuqtai nazaridan  juda muhim. Maqolada keltirib o‘tilgan “mamlakatimiz aholisining 70 foizga yaqin qismi seysmik faol hududlarda yashaydi. Ba’zi ko‘p qavatli binolar va minglab yakka tartibdagi uylar shu holat hisobga olinmay, bu ham yetmagandek, qurilish norma va qoidalarini buzgan holda ko‘tarilgan. Xavotirlisi, mana shu obyektlarning 70 foizi zilzilaga bardosh berolmaydi” kabi savollarga quyidagicha javob beriladi:

Ma’lumki,  O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga asosan buyurtmachi - obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va buzishning amalga oshirilishini ta’minlovchi, shuningdek ushbu maqsadlarda loyiha-qidiruv, ekspertlik, qurilish-montaj va nazorat ishlarini bajarish uchun tegishli tashkilotlar bilan shartnomalar tuzuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs hisoblanadi.

Buyurtmachi  Shaharsozlik kodeksiga asosan:

- shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etishi;

- shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish uchun topshiriqlarni tayyorlashi va tasdiqlashi;

- shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilarga loyihalashtirishga doir birlamchi-ruxsat beruvchi hujjatlarni, shu jumladan arxitektura-rejalash topshirig‘ini, topografik materiallarni, muhandislik-geologik qidiruvlarning va tayanch qurilish konstruksiyalarining texnik holatini tekshiruvdan o‘tkazish materiallarini, nuqsonlarga oid dalolatnomalarni taqdim etishi;

- shaharsozlik hujjatlarining ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlashi;

- loyihalashtirish jarayoni ustidan tekshiruvni va qurilish sifati ustidan texnik nazoratni amalga oshirishi, qurilish jarayonida kamchiliklar va nuqsonlar aniqlangan taqdirda, ularni bartaraf etish yuzasidan choralar ko‘rishi;

- shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchi bilan tuzilgan shartnoma asosida shaharsozlik hujjatlarini amalga oshirish bo‘yicha mualliflik nazorati amalga oshirilishini ta’minlashi;

- hududiy inspeksiyalar tomonidan qurilishi tugallangan obyektni ekspluatatsiya qilish uchun ruxsatnoma berilganidan keyin foydalanishning kafolat muddati davomida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilishini tashkil qilishi shart.

Aholi va hududlarning seysmik xavfsizligini ta’minlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining 13.09.2021 yildagi O‘RQ-713-son Qonuni qabul qilingan.

Mazkur Qonunning 14-moddasiga asosan seysmik faol zonalarda joylashgan, qurilish normalari va qoidalari talablariga muvofiq loyihalashtirilgan hamda qurilgan II-IV toifadagi obyektlar har besh yilda zilzilabardoshlikka doir vizual tekshiruvdan o‘tkaziladi.

 Shuni ma’lum qilamizki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 17.09.2021 yildagi “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish tartibotlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 579-son qaroriga asosan  III-toifa va  IV toifa ob’ektlar -loyiha hujjatlari “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi” DM tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Ekspertiza o‘tkazish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-oktabrdagi 603-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi  tomonidan respublikaning seysmik faol zonalarida qurilishi rejalashtirilgan bino va inshootlarga ilmiy xulosa beriladi.

Buyurtmachi tomonidan loyiha hujjatlari “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi” DMdan o‘tkazilgandan so‘ng, buyurtmachi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi “Qurilish sohasiga oid yagona ma’muriy qurilish reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida” 200-son qarori bilan tasdiqlangan “Qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ob’ektni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha ma’muriy reglament asosida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi ro‘yxatidan o‘taziladi.

Maqolada shuningdek, “tegishli qonunchilikka ko‘ra, binoning poydevori boshlangan kundan uning nazorati olib boriladi. Bunga mas’ul tashkilotlar bor. Amalda buning teskarisini ko‘ryapmiz. Ko‘p hollarda qurilish obdon bitgandan so‘ng nomigagina tekshirilib, ijobiy xulosa berilayotgan holatlar ko‘p”,  - deya obyektlarda tizimli nazorat ishlari tashkil etilganiga salbiy baho berilgan. “Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ko‘rilayotgan choralar ham og‘zaki tushuntirish yoki ko‘rsatma berish bilan kifoyalanyapti”, - degan mavzuda sohadagi nazorat ishlarining sustligi e’tirof etilgan.


Ma’lumki, buyurtmachi tomonidan loyiha hujjatlari “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi” DMdan o‘tkazilgandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi “Qurilish sohasiga oid yagona ma’muriy qurilish reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida” 200-son qarori bilan tasdiqlangan “Qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun obyektni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha ma’muriy reglament asosida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi ro‘yxatidan o‘taziladi.

Obyekt qurilishi ustidan nazorat buyurtmachining texnik nazorati, loyiha ishlab chiquvchining mualliflik nazorati va pudratchining ichki nazorati tomonidan, shuningdek,  inspeksiya tomonidan qurilish ustidan davlat nazorati amalga oshiriladi.

Shu o‘rinda OAV da nashr etilayotgan sohaga oid har qanday materiallarga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamisha xayrixoh ekanligini ta’kidlagan holda jurnalistlar, umuman olganda  keng jamoatchilikning faol fuqarolik pozitsiyasini yuksak qadrlab, kelgusida barcha masalalar yuzasidan hamkorlik qilishga tayyor ekanligi ma’lum qilinadi.