UZ
RU
Ўзбекистон Республикаси Қурилиш ва уй-жой
коммунал хўжалиги вазирлиги
Ишонч телефони
1298
Электрон манзил
info@mc.uz
Сайт харитаси
Вазирга мурожаат

Янгиликлар

O'zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi (Rasmiy munosabat)

Joriy yilning 29-avgust kuni qurilish sohasida faoliyat olib borayotgan  tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda tadbirkor Usmonjon Abdusamatov qurilish sohasida asossiz rad etishlar mavjudligi va korrupsiyaviy holatlar haqida fikr bildirgan.

Ushbu vajlarni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi o‘rganib chiqqan holda quyidagilarni maʼlum qiladi:

Birinchidan, qurilish sohasiga oid barcha davlat xizmatlari va to‘lovlar belgilangan tartibda elektron tarzda amalga oshiriladi. Qo‘shimcha mablag‘ talab qilinishi mumkin emas.

Bunda jismoniy va yuridik shaxslar har qanday shaharsozlik hujjatlarini faqatgina my.gov.uz elektron portali hamda Davlat xizmatlari markazlari orqali yuborishlari mumkin. Ushbu jarayonlarda jismoniy yoki yuridik shaxs hamda vakolatli organ vakili o‘rtasida o‘zaro muloqotga yo‘l qo‘yilmaydi. 

Ikkinchidan, so‘nggi yillarda sohadagi byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, inson omilini minimallashtirish va korrupsiyaviy holatlarni oldini olish maqsadida  qator islohotlar amalga oshirildi va bu jarayon izchil davom etirilmoqda.

Xususan, obyekt qurilishiga oid ruxsatnoma olishdan tortib, foydalanishga qabul qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar vazirlikning “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali to‘liq nazorat qilib boriladi.

Ushbu jarayonlar Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentlar bilan aniq tartibga solingan.

Uchichidan, hozirda qurilish sohasida davlat xizmatlarini raqamlashtirish bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.

Bu jarayon shaffoflikni taʼminlash, ortiqcha ovoragarchilikni bartaraf etish hamda tadbirkorlar va aholi uchun qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.

To‘rtinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-iyuldagi PQ-236 sonli qarori va Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-martdagi 149-son qaroriga binoan Toshkent shahrida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va transport infratuzilmasini yaratish xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida shaharda quriladigan (rekonstruksiya qilinadigan) obyektlarning (bundan budjet tizimi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar, yakka tartibdagi uy-joylar hamda nodavlat maktabgacha va umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlari mustasno) jami qurilish hajmining har bir kub metri uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yig‘im joriy etilgan.

Ushbu yig‘im to‘liq hajmda Toshkent shahri hokimligi huzuridagi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi.

Beshinchidan, agar tadbirkorlar yoki fuqarolar qurilish bilan bog‘liq korrupsiyaviy holatlarga duch kelsalar, vazirlik va uning hududiy tuzilmalarida tashkil qilingan komplayens bo‘limlarining quyidagi raqamlariga murojaat qilishlari mumkin:

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ishonch telefoni: +99871-210-11-04 (1066)

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi sohada shaffoflik, qonuniylik va ochiqlikni taʼminlashni o‘zining ustuvor vazifasi sifatida belgilab olgan hamda yuzaga kelayotgan barcha savollarga javob berishda hamisha ochiq ekanini yana bir bor taʼkidlaydi.