Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining budjet mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq maqsadli indikatorlari va uning bajarilishi yuzasidan hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining budjet mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq maqsadli indikatorlari va uning bajarilishi yuzasidan hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi.
Hisobotda vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Xususan, ta'kidlanganidek:
- hududlarning bosh rejasi va shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilmoqda. 2025-yilgi rejaga muvofiq 180 ta loyihadan katta qismi bajarildi;
- shaharsozlik faoliyati bo‘yicha 180 ta normativ hujjat ishlab chiqilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgacha katta qismi yakuniga yetkazilgan;
- issiqlik ta’minoti obyektlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. 56 ta obyekt bo‘yicha ishlar yil yakuniga qadar tugallanishi rejalashtirilgan;
-1991-yilgacha qurilgan ko‘p qavatli uylarga elektron pasport tizimini joriy etish ishlari boshlangani, bu boradagi milliy axborot platformasi test rejimida ishlamoqda;
- ichimlik suvi tarmoqlarini yetkazish va energiya tejamkor nasos uskunalarini joriy etish tashabbuslari ilgari surilmoqda.
"Bugungi kunda qurilish va kommunal sohadagi har bir loyiha nafaqat infratuzilmani yaxshilash, balki fuqarolarning turmush sifatini oshirishga qaratilgan. Mavjud resurslardan oqilona foydalanib, davlatimiz tomonidan belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarishga harakat qilmoqdamiz. Shu maqsadda ajratilgan mablag‘lar har bir hududda manzilli sarflanishi va amalda ko‘zga ko‘rinadigan natijalar bilan aks etishi biz uchun asosiy mezondir",- deya ta'kidladi vazir o'rinbosari.
Yig‘ilish yakunida shuningdek, qator loyihalarni moliyalashtirish tartibini ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.