Oliy Majlis Senatida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining sohada ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlari yuzasidan axboroti eshitildi (1)
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining sohada ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlari yuzasidan axboroti eshitildi.
Unda Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vaziri o'rinbosari Davron Adilov so'zga chiqib, sohalarni raqamlashtirish yo'nalishidagi loyihalar, istiqbolli vazifalar hamda ularning tizimda shaffoflikni oshirishdagi roli haqida to'xtaldi.

Ta'kidlanganidek, sohada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali korrupsiya va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, qurilish jarayonlarining barcha bosqichida jamoatchilik uchun shaffoflikni ta’minlash maqsadida vazirlik tomonidan quyidagi asosiy yo‘nalishlarni raqamlashtirishga e'tibor qaratilmoqda:
- Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasi mutaxassislarini malakasini oshirish;
- Qurilish sohasida davlat xaridlari;
- Aholiga kommunal xizmatlar ko‘rsatish;
- Fuqarolarga ko'rsatilayotgan davlat xizmatlari;
- Shaharlarning raqamli egizaklarini ishlab chiqish;
- Qurilish sohasida normativ hujjatlar va standartlarni takomillashtirish yo‘nalishlari shular jumlasidandir.


