Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi Oʻzbekiston rieltorlar gildiyasi bilan hamkorlikda “Koʻchmas mulk – 2023” xalqaro forumi tashkil qilindi
Forumda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mas'ullari, koʻchmas mulk sohasida faoliyat yurituvchi biznes vakillari, investorlar, yirik kompaniyalar vakillari ishtirok etishdi.
Forum dorasida “OʻzLiDeP PRESS KLUBI”ning sessiyasi ham o‘tkazilib, unda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasidagi hududlarni kompleks rivojlantirish, urbanizatsiya strategiyasini amalga oshirish, aholini arzon uy-joy bilan taʼminlash darajasini oshirish, shuningdek, Oʻzbekistonda koʻchmas mulk bozori holati, erishilgan natijalar, istiqboldagi vazifalar, sohadagi muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi.
Xususan, press-klubda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Mahalliy Kengashlar deputatlari, vazirlik va idoralar, OAV vakillari, olimlar hamda partiya faollari ishtirok etdi.
Ta'kidlanganidek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida urbanizatsiya darajasini 60 foizga yetkazish, Samarqand va Namangan shaharlarini “millionlik shaharlar”ga aylantirish, katta shahar va tumanlar sonini 28 taga yetkazish, barcha aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish, 2030-yilga qadar 1 million xonadonli uy-joylar qurish, “Yangi Oʻzbekiston” massivlari sonini 100 taga yetkazish, aholi zich boʻlgan hududlarda “boʻyiga oʻstirish” tamoyili asosida koʻp qavatli uy-joylar barpo etish vazifalari belgilangan.
Vazifalar ijrosi yuzasidan Samarqand va Namangan shaharlarini “millionlik shaharlar”ga aylantirish boʻyicha hozirgi kunda jadal ishlar olib borilayotgan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumani va Namangan shahrining Davlatobod tumani, shuningdek Namangan shahrining chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan.
Samarqand shahri boʻyicha “Samarqand viloyatining Oqdaryo, Pastdargʻom, Samarqand, Toyloq tumanlari hamda Samarqand shahri tarkibida Qorasuv, Sugʻdiyona, Siyob, Bogʻishamol, Maroqand tumanlarini tashkil qilish hamda Samarqand tumanini tugatish toʻgʻrisida”gi qarorlari loyihalari ishlab chiqilib, koʻrib chiqish uchun Qonunchilik palatasi va Senatga taqdim etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2023-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga koʻra 90 mingta shundan, 38 ta “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida 30 mingta xonadondan iborat boʻlgan koʻp qavatli uy-joylar qurilishi;
uy-joy sotib olish uchun 10,7 trln.soʻmlik resurslar hisobiga jami 44,7 ming ipoteka kreditlari ajratilishi, 30 mingta oilalarga subsidiyalar ajratilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Hukumat tomonidan uy-joylarga talab yuqori boʻlgan 378 ta boshqa massivlarda 60 mingta xonadonli koʻp qavatli uy-joylar qurilishi belgilangan. Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 26 591 ta xonadonli 657 ta koʻp qavatli uylar foydalanishga topshirilib, oʻsish surʼati oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 160 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga qurilishi davom etayotgan xonadonlarning soni 51 671 tani tashkil etmoqda.
Shuningdek, forum va press-klub tadbirlari davomida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga mas'ullar tomonidan batafsil javoblar berildi. Tadbir yakunida OʻzLiDeP deputatlari, vazirlik va idoralar vakillari hamda partiya faollari bilan birgalikda koʻchmas mulk bozorida barqarorlikni taʼminlash, sohaga investitsiyalarni jalb qilish, sifat koʻrsatkichini yanada oshirish borasida taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish hamda hamkorlikda ishlarni tashkil qilishga kelishib olindi.