Ozoda Jo‘rayeva poytaxtimizning Yangihayot tumani “Charog‘on” mahallasida bo‘lib, aholi, mahalla hamda boshqaruv tashkilotlari vakillari, shu bilan birgalikda ko‘p kvartirali uylarning faollari bilan sohaga oid muammoli holatlarni muhokama qilmoqda
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan rahbariyat qabulida kelib tushgan murojaatlar vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganilmoqda. Ayni damda Ozoda Jo‘rayeva poytaxtimizning Yangihayot tumani “Charog‘on” mahallasida bo‘lib, aholi, mahalla hamda boshqaruv tashkilotlari vakillari, shu bilan birgalikda ko‘p kvartirali uylarning faollari bilan sohaga oid muammoli holatlarni muhokama qilmoqda.
“Yangi hudud” BSK boshqaruvida bo‘lgan uylar vakillari tomonidan majburiy badal to‘lovi 650 so‘mdan 800 so‘mga ko‘tarilganligi yuzasidan murojaat qilingan edi. Vazir o‘rinbosari faollar bilan suhbat chog‘ida mazkur tarif hozirgi zamonaviy talablarni qondirish uchun yetarli emasligini, ko‘p qavatli uyning bir yillik ekspluatatsion xarajatlarini misollar asosida tushuntirib berdi.
- Birgina ko‘p qavatli uylarning texnik holatini saqlashda bevosita va bilvosita ta’sirlarning oldini olish, tutash hududlarni obodonlashtirish, favqulodda holatlarni oldini olish ma’lum xarajatlarni talab qiladi. Ko‘p kvartirali uyning ichi ham, tashqarisi ham bizning mulkimiz. Uning taqdiri ham barchamizni birdek xavotirga solishi lozim,- dedi Ozoda Jo‘rayeva.
Shuningdek, boshqaruv tashkiloti aholi orasida targ‘ibot ishlarini olib bormagani, reja va hisobotlarni o‘z vaqtida taqdim qilmayotgani tufayli aholi orasida shunday yanglish fikrlar paydo bo‘layotgani ta’kidlandi. Bu borada boshqaruv tashkilotining e’tiborsizligi tanqid ostiga olindi. Xizmat ko‘rsatish tizimini tashkil etishda, avvalo, aholi bilan kommunikatsiyani tartibga keltirish, ularning xohish va talablarini inobatga olish lozimligi tushuntirildi.
Asosiysi muammo joyida ijobiy yechim topdi. Aholi vakillari masala mohiyatini tushundilar, shuningdek, boshqaruv tashkilotiga ham faoliyati ochiqligini ta'minlash uchun zarur tavsiyalar berildi.





