Piskent tumanida “Yangi O‘zbekiston” massivi barpo etilmoqda
Toshkent viloyati Piskent tumanida zamonaviy “Yangi O‘zbekiston” massivi barpo etilmoqda. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari D.Adilov, Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Sh.Mahmudov, Toshkent viloyati qurilish va uy-joy kommunal boshqarmasi boshlig‘i J.Anvarov hamda tegishli rahbarlar qurilish jarayoni bilan tanishdi. Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-oktabrdagi “Toshkent viloyati Piskent tumanida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan amalga oshirilmoqda.
10,17 gektar maydonda qurilishi rejalashtirilgan mazkur massivda 540 o‘rinli 9 qavatli turar joylar, Yoshlar bog‘i, Yoshlar markazi, kutubxona, hunarmandlar uchun ko‘rgazma zallari, zamonaviy sayilgoh hamda suv havzasi bunyod etilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ushbu hududda buyuk mutafakkir Alisher Navoiy haykali o‘rnatilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu Navoiyning bunyodkorlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalariga hurmat ifodasi sifatida xizmat qiladi.
Bundan tashqari “Birlik” ko‘chasi bo‘ylab oqib o‘tuvchi anhor atrofida sayilgoh tashkil etilishi ham mo‘ljallangan. Hozirda loyihalashtirish ishlari davom etmoqda. Mutasaddilar loyihalar bilan tanishib, aholiga munosib sharoit yaratish ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi. Loyihani sifatli hamda o‘z vaqtida topshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.