Qadrli ustoz - murabbiylar, muhtaram faxriylar!
Siz azizlarni 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etaman! Taʼlim va tarbiyaning mashaqqatli, lekin sharafli yo‘lini tanlagan Sizdek fidoyilarni qancha e'zozlasak, shuncha oz. Hurmatli yurtboshimiz ta'kidlaganlaridek, ustozini, muallimini e’zozlagan jamiyat albatta ravnaq topadi, gullab-yashnaydi.
Ilm – bu nur, tarbiya esa hayotga yo‘lchi yulduz. Siz azizlar ana shu nur va yulduzning manbai bo‘lib, kelajak avlod taqdiriga beqiyos ta’sir ko‘rsatayotgan yuksak insonlarsiz.
Har bir yutuq, har bir ezgu amalda ustozlar mehnati va duosi mujassam. Shu ma'noda yurtimiz taraqqiyotining ildizi aynan sizlar kabi ma’rifatparvar, fidoyi insonlarga borib taqaladi.
Bugun yurtimizda hamma soha qatori ta’lim yo'nalishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jamiyatimizning ma’naviy poydevorini yaratuvchi tayanch sifatida qadringiz ulug'lanmoqda. Bu esa sizlarning izchil mehnatingizga bildirilayotgan yuksak e’tibor va xalqimizning cheksiz mehr-muhabbatidan darak beradi.
Binolar poydevorsiz bo‘lmagani kabi, jamiyat ham ta’lim-tarbiyasiz barpo bo‘lmaydi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasi bugungi kunda bilimli, kasbini puxta egallagan, fidoyi mutaxassislarga tayanadi. Ularning ortida esa siz — yetuk vakillarni voyaga yetkazgan, yosh avlodga yo‘l ko‘rsatgan ustozlarning bebaho hissasi mujassam.
Qadrli ustozlar!
Sizlarni ushbu ezgu bayram bilan yana bir bor tabriklayman. Oilangizga saodat, sihat-salomatlik, tinchlik va baxt tilayman. Inson qadri ulug' yurtda mehnatingiz rohatini ko'rib yashang!
Hurmat bilan
Sherzod Hidoyatov
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri